French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston to‘lov balansi xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilindi (+video)
10:46 / 2026-01-21

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Koreya Respublikasi Markaziy banki hamkorligida Bilimlar almashinuvi dasturi doirasida “O‘zbekistonda to‘lov balansi dinamikasi: asosiy belgilovchi omillar, tizimli xatarlarni baholash va ularning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar tahlili” mavzusida qo‘shma tadqiqot natijalari yuzasidan xalqaro seminar tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Koreya Respublikasi Markaziy banki, shuningdek, Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari ekspertlari va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur seminarning asosiy maqsadi qo‘shma tadqiqot doirasida O‘zbekistonda to‘lov balansi holatini keng va chuqur tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, xalqaro ilg‘or iqtisodiy modellardan foydalangan holda to‘lov balansining dinamikasiga ta’sir qiluvchi fundamental omillarni aniqlash, tashqi iqtisodiy xatarlarni baholash va ularning oldini olish mexanizmlarini joriy etish hamda takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va xulosalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.

Seminar doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan "To‘lov balansi tahlili va uning asosiy ko‘rsatkichlari", "Makroiqtisodiy xatarlarni aniqlash va baholash usullari", "Xalqaro tajriba asosida samarali iqtisodiy va institutsional siyosiy yondashuvlar" mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi.  

Bundan tashqari, seminar Markaziy bank mutaxassislari uchun tahliliy salohiyatni oshirish, ilmiy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirish, xalqaro tajribani milliy iqtisodiy va moliyaviy shart-sharoitlarga muvofiqlashtirish imkoniyatlarini yaratdi.

Mazkur tadbir Markaziy bankning makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tashqi iqtisodiy xatarlarni oldindan aniqlash va ularni samarali boshqarish salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi professional va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

– Ushbu tadbir mutaxassislarimiz uchun qator imkoniyatlarni ochdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti

bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Xayitboyev. – To‘lov balansi  mavzusidagi tadqiqot hozirgi kunda mamlakatimiz uchun juda muhim va dolzarb hisoblanadi. O‘zbekiston tez rivojlanayotgan va shakllanayotgan bozor iqtisodiyotiga ega davlat sanaladi. Eksport va import, ya’ni joriy hisob balansi, mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bizning jamoamiz uchun ushbu masala katta ahamiyatga ega. Joriy hisob balansi bilan bog‘liq muammolar O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lmasligi lozim.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/naUnGdZTho8?si=ytHGtjiQeoXQuu2e" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA