English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Tojikiston: parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida
18:38 / 2021-05-26

O‘zbekiston bugungi kunda o‘z tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Tojikiston bilan hamkorlik qilishga ustuvor ahamiyat berayotgani hech kimga sir emas.

Hozirda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar keng sohalarda tobora yuksalib borayotganini yaqqol kuzatish mumkin. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalar ham tobora mustahkamlanib bormoqda.

Ikki mamlakat parlamentariylari o‘rtasidagi ochiq va do‘stona hamkorlik, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari xususida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir JO‘RAEV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– O‘zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi bir-biriga chambarchas bog‘langan mamlakatlar hisoblanadi. Afsuski, uzoq yillar davomida ushbu qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar unchalik rivoj topmay keldi. Faqatgina so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekiston yetakchisining tashabbuskor siyosati va dadil sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtadagi munosabatlar ancha keng qamrovga ega bo‘lmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va mustahkam ishonchga asoslangan munosabatlari katta rol o‘ynamoqda.

Hozirda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Agar 2018 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 64 foizga oshib, 390 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 400 million dollardan oshdi. Shunisi quvonarliki, pandemiya sharoitiga qaramay, 2021 yilning birinchi choragida o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 104 million dollarni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 23,1 million dollarga ko‘pdir.

Ayniqsa, chegaradosh hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik kuchaymoqda. Chegara hududlarida o‘tish maskanlari o‘z faoliyatini qayta tiklaganligi natijasida har yili millionlab fuqarolar o‘zaro tashriflarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Parallel ravishda parlamentlararo aloqalar ham tobora mustahkamlanib bormoqda. Bunda O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari spikerlarining 2018-2020 yillarda amalga oshirgan o‘zaro tashriflari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashriflar mobaynida ikki mamlakat parlamentariylari o‘rtasida ochiq va do‘stona ruhda qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi va unda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

Hozirda parlamentlararo hamkorlik 2018 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur bitimda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari birma-bir sanab o‘tilgan bo‘lib, parlament delegatsiyalari almashinuvini doimiy yo‘lga qo‘yish, parlamentlarning qonun ijodkorligi va nazorat tahlil faoliyati yuzasidan o‘zaro tajriba almashish masalalariga katta e’tibor qaratilgan.

Chunonchi, har ikkala parlament qo‘mitalari va komissiyalari, deputatlik guruhlari, devonlari o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini, parlament faoliyati tajribasini o‘rganish maqsadida o‘zaro delegatsiyalar almashish kabi istiqbolli yo‘nalishlar ham bitimda o‘z aksini topdi. O‘zbekiston va Tojikistonda tashkil qilinadigan xalqaro konferensiya va forumlarda ikki mamlakat parlamentariylarining ishtirokini ta’minlash ham parlamentlararo hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida e’tirof etilgan.

Bitimda shuningdek, o‘zaro manfaat kasb etuvchi xalqaro masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish, xalqaro tashkilotlar va konferensiyalar doirasida hamkorlikni amalga oshirish va bir-biriga ko‘maklashish alohida qayd etilgan hamda birgalikdagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida parlamentlararo hamkorlikning doimiy amal qiluvchi mexanizmini yo‘lga qo‘yish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Istiqbolda parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar hamkorligini yanada rivojlantirish, ayniqsa, so‘nggi besh yil davomida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, investitsiyaviy va texnologik, madaniy-gumanitar, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda erishilgan kelishuv va bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

So‘nggi yillarda o‘zbek-tojik munosabatlarini mustahkamlash sari muhim qadamlar qo‘yildi. O‘zaro munosabatlarda misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Mamlakatlar yetakchilarining bevosita sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi tufayli o‘rtada konstruktiv hamkorlik muhiti yuzaga keldi. Shunday bir ijobiy jarayonda biz deputatlarning asosiy vazifasi qayta jonlangan o‘zaro do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirishdan iborat.

Zero, o‘zbek-tojik birodarligi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.

O‘zA muxbiri

Nurillo NASRIEV yozib oldi.