O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tojikiston Respublikasi Majlisi Olining Majlisi namoyandagon bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Parlamentlararo guruhning 2025 yil uchun ish rejasida belgilangan vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur parlamentlararo guruh O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy, qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qaroriga muvofiq 7 nafar deputatdan iborat tarkibda tuzilgan.

Guruh rahbari, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari M.Xodjayeva ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda O‘zbekiston — Tojikiston aloqalarining kengayb borayotgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon huzuridagi tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzolagani va ratifikatsiya yorliqlari almashilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlat rahbarlari uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etganlari, bu davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda ikki davlat parlamentlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha parlament nazoratini olib borish kabi masalalar parlamentlararo guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilab olindi.
M. Komilova, O‘zA