O‘zbekiston Respublikasi FVV akademiyasida Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya vakillari akademiyada bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’limni tashkil etilishi, professor-o‘qituvchilar tomonidan sohaga oid tadqiqotlar olib borilishiga qiziqish bildirdi.
Ularga kursantlar uchun dual ta’limni tashkil etilishi hamda xorijiy davlatlarning turdosh oliy harbiy hamda ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni olib borilishi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Shuningdek, akademiyada ofitserlar tarkibi uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilgani, tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘rsatilib, amaliyotdagi muammoli masalalarga ilmiy yechim topish yuzasidan tinglovchilarni tadqiqot ishlariga jalb etish tartibi yetkazildi.
Kursantlarga favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlarini to‘g‘ri tashkil etish va boshqaruv qarorlarini to‘g‘ri tanlash yuzasidan amaliy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi namoyish etildi. Delegatsiya vakillariga akademiya tarixi va buguni to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Delegatsiya bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA