Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Tojikiston: hamkorlik doirasida kitoblar sovg‘a qilindi
12:10 / 2024-01-03

2023 yilning 2-3 iyun kunlari Tojikiston davlat rahbarining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida ko‘p tomonlama strategik sheriklik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash va kelgusidagi qadamlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan edi.

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan turli soha va tarmoq yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zbek-tojik serqirra aloqalarni takomillashtirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan ijro chora-tadbirlari tuzildi va amalga oshirildi. 

Xususan, Tojikistondagi o‘zbek tilida ta’lim beradigan maktablar va o‘zbek madaniyat markazlariga o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar to‘plamini taqdim etish bandida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i A.Valixonov hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari S.Jonpo‘latov Tojikistonga tashrif buyurdi.  

Tashrif doirasida tashkil etilgan tadbirda 270 nomdagi 1200 nusxaga yaqin kitob Tojikiston Milliy kutubxonasi, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi, Tojikiston Madaniyat markazi hamda o‘zbek tilidagi umumta’lim maktablariga beg‘araz topshirildi.  

Tadbirda O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi E.Shoismatov, Tojikiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari S.Rajabova, ushbu mamlakat Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari R.Maxsumzoda, uyushma a’zosi S.Ermatov O‘zbekistonning bunday qimmatli tuhfasi uchun minnatdorlik bildirib, ma’rifat-ma’naviyat manbai bo‘lgan bu adabiyotlar Tojikiston hududida o‘sib kelayotgan barkamol avlodning ta’lim-tarbiyasida muhim o‘ringa egaligini ta’kidladi. 

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv ikki xalqning ildizlari mushtarakligi va kelajak istiqbolida ham uyg‘unlik mavjudligini yana bir bor isbotladi.  

N.Usmonova, O‘zA