Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligi ijobiy o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda
23:14 / 2021-05-11

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “O‘zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yo‘lida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qayg‘umizda ham doimo birgamiz.

Ajdodlar an’anasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamog‘imiz darkor” deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, O‘zbekiston va Tojikiston ikki mustaqil mamlakat sifatida turli chegara hududiga ega bo‘lishiga qaramay, azaldan ularni bog‘lab turuvchi umumiy jihatlar ko‘p.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng tarixan ikki millat birodarligiga hech kim ahamiyat qaratmagan bo‘lsa-da, aslida qadimdan yagona xalq bo‘lganimiz ma’lum. Ming yillar mobaynida, ya’ni Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davridan buyon ikki xalq vakillari yonma-yon, hamjihatlikda umr kechirib kelgan.

bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik shartnomasi”, “O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma” kabi hujjatlarning qabul qilinishi ikki mamlakat hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishda ijobiy natijaga erishildi. Prezidentlarimizning o‘zaro konstruktiv muloqoti samarasida ko‘plab mintaqaviy xarakterga ega muammoli masalalar o‘z yechimini topdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Zimmamizda ulkan mas’uliyat yuklatilgan: biz nafaqat qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlardan foydalanishimiz, balki o‘zaro yaqin munosabatlarimizni ham yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur”.

2017 yilda Toshkent-Dushanbe aviaqatnovlari qayta yo‘lga qo‘yilishi, G‘alaba-Amuzang temir yo‘li barpo etilishi, Samarqand-Penjikent xalqaro yo‘lining ochilishi, ikki davlat chegarasida 10 ta nazorat punktlari ish boshlagani fikrimiz tasdig‘idir. Ayniqsa, 2018 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi muhim tarixiy voqea sifatida qayd etilib, unda o‘zbek-tojik xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, birodarlik va o‘zaro strategik sheriklik sohalaridagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi.

2018 yilda “O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro sayohatlari to‘g‘risida”gi kelishuv imzolanishi davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yanada mustahkamlanishida asos yaratib, millionlab fuqarolar hayotida misli ko‘rilmagan tub burilish yasadi. Ushbu kelishuv yurtimizda sayyohlar oqimining keskin ko‘payishi, qarindoshlik aloqalarining qayta tiklanishi va transchegaraviy savdo-sotiqni amalga oshirishga ulkan hissa qo‘shdi. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistondan qo‘shni Tojikistonga gaz yetkazib berish tizimi qayta yo‘lga qo‘yildi. Suv resurslaridan foydalanishdagi o‘zaro manfaatli aloqalar qayta o‘rnatildi.

O‘zbekiston va Tojikiston BMT, SHHT, MDH, YeXHT, IHT kabi qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarda bir-birini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Zero, mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham umumiy fikrga ega davlatlar hisoblanadi.

Tojikistonning birinchilar qatorida 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagani ham fikrimizning yorqin tasdig‘idir.

Emomali Rahmon o‘z nutqida: “Umumiy uyimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yaratish yo‘lidagi qat’iy qadamlaringizni iliq qarshi olamiz. Ular bizning maqsadlarimizga ham to‘la mos keladi”, – deya ta’kidlagan edi.

bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ijobiy o‘sish sur’atini qayd etmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari, hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqoti diqqatga sazovor.

Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror mintaqaga aylantirish yo‘lida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik va qator buzg‘unchi unsurlarga qarshi kurash doimiy ravishda kuchaytirib borilmoqda.

Mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari va savdo hajmini oshirish bo‘yicha aniq belgilangan chora-tadbirlari tufayli 2018 yilda 202,5 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 92 ta shartnoma va kelishuvlar imzolandi. 2020 yilda O‘zbekiston – Tojikiston biznes forumi yakunlari bo‘yicha yana 711,5 million dollarlik 306 ta hujjat tasdiqlandi.

O‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal o‘sish sur’atlari izchil oshib bormoqda. 2020 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 500 million dollardan oshgani qayd etildi.

Tojikistonda sanoat hamkorligi doirasida O‘zbekiston kapitali hisobiga 51 ta korxona tashkil etilgan bo‘lsa, mahalliy aholi o‘rtasida xaridorgir maishiy texnika ishlab chiqaradigan "Artel Avesto Electronics" qo‘shma korxonasi shular jumlasidandir.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon tomonidan maxsus kommunal va qurilish transportini yig‘ish hamda ishga tushirish bilan shug‘ullanuvchi “Talko-Krantas” qo‘shma korxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikdir. Mamlakatimizda “Tojikiston madaniyati kunlari” o‘tkazilgani, Dushanbe shahrida atoqli shoirimiz Erkin Vohidov tavalludiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar tashkil etilgani ushbu sohada yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganidan dalolat.

Shuningdek, 2020 yilda Sug‘d viloyatidagi Qadimiy Sarazm shahrining 5500 yilligi, tojik shoiri va mutafakkiri Kamol Xo‘jandiy tavlludining 700 yilligi, “Kamoliddin Behzodning Sharq va G‘arb badiiy madaniyati mazmunidagi asari” mavzuidagi xalqaro simpoziumlar va ko‘plab madaniy tadbirlar keng miqyosda nishonlandi.

O‘tgan yili sentyabrda O‘zbekiston tomonidan Tojikistonning Spitamen tumanida yangi maktab binosi qurib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Dushanbeda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda o‘nlab tibbiyot jihozlari va tibbiy vositalar joylangan qutilar beg‘araz yordam sifatida qo‘shni mamlakatga taqdim etildi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muammoli va munozarali masalalar mavjud emas. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz iqtisodiyotida yetarli salohiyat mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim sohalarda amalga oshirilmay qolgan loyihalar talaygina. Xususan, turizm, yirik infratuzilma loyihalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun qo‘shma guruhlar yaratish shular jumlasidan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro faol siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali kelgusida mintaqaviy hamkorlikning yetakchi a’zolariga aylanishi uchun katta salohiyatga ega. Umumiy jihatlarini hisobga olgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida muhim rol o‘ynashi mumkin.

Ares Bayazitov,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

bosh ilmiy xodim