Toshkent shahrida 1 iyun kuni O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmonlarining B2B shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida o‘tkazilgan ushbu tadbir mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyati va ko‘p qirrali o‘zaro hamkorligi ko‘lamini yaqqol namoyon etdi.
Ikki davlat vazirlik va idoralari, biznes doiralari hamda sanoat birlashmalari vakillaridan iborat 200 dan ziyod ishbilarmon ishtirok etgan anjumanda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
Forumda tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said boshchilik qildi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy munosabatni kengaytirish, yuqori texnologiyali qo‘shma ishlab chiqarish ob’ektlarini yaratish, yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va bozorga yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish uchun ulkan imkoniyat mavjudligini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida yaqin kelajakda o‘zaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “O‘zbekiston – Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu hududda ishlab chiqarish ob’ektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashgan bo‘ladi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati va energetika sohalari sanab o‘tildi.
2021 yilda xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan O‘zbekiston – Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasining imkoniyatlari ta’kidlandi.
Biznes-forum davomida transport va logistika hamda hududlararo hamkorlik sohalaridagi qo‘shma loyiha va tashabbuslar haqida ham so‘z yuritildi.
V2V shaklidagi uchrashuvlar ikki tomon biznes vakillariga o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi. Forum natijasida qator investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri