Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Sinxua” axborot agentligi va “Jenmin jibao” gazetasi sahifalarida Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Tojikiston biznes forumiga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi.
“O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish niyatida” sarlavhasi ostida e’lon qilingan materialda Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi oldidan tashkil qilingan ishbilarmonlar forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard 62,6 million dollarlik 75 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolangani qayd etilgan.
– Muloqot chog‘ida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, yuqori texnologiyali qo‘shma ishlab chiqarish istiqbolini jadallashtirish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va bozorni rivojlantirish bo‘yicha kooperatsiya aloqasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha salmoqli salohiyat mavjudligini e’tirof etgan, – deyiladi maqolada.
Har ikki axborot nashri O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi so‘nggi olti yilda 37 barobar oshgani, 2021 yil bu ko‘rsatkich 34 foiz o‘sib, 435 million dollarga yetgani, mamlakatlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi ekaniga e’tibor qaratgan.
Xitoylik o‘quvchilarga forumda transport, logistika va hududlararo hamkorlik yo‘nalishida qo‘shma loyiha va tashabbuslar ilgari surilgani ma’lum qilingan. Shuningdek, B2G va B2B shaklidagi uchrashuvlar iqtisodiy imkoniyatni yuqori bosqichga olib chiqishi e’tirof etilgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA