Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Tojikiston biznes-forumi: soʻnggi sakkiz yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobar oshgan
14:48 / 2024-04-17

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida – 17-aprel kuni Dushanbe shahrida Oʻzbekiston – Tojikiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirga Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Usmonali Usmonzoda va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev hamraislik qildi. Forumda shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 600 dan ortiq vakillari, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirok etdi. 

Jamshid Xoʻjayev oʻzining qutlov soʻzida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonch tufayli soʻnggi yillarda koʻp qirrali oʻzaro hamkorlikning strategik darajasi sezilarli darajada mustahkamlanganini alohida taʼkidladi. 

Yigʻilishda ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshgani qayd etildi. Xususan, soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshib, 2023-yilda bu koʻrsatkich 750 million dollarga yetdi, yil boshidan esa yana 40 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat iqtisodiyoti salohiyatini hisobga olgan holda, yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yangi ulkan maqsadlar eʼlon qilindi. 

Bugungi kunda ikki davlat hududida 370 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda, vaholanki, 2017-yilda ularning soni atigi 17 tani tashkil etgan edi. Xoʻjanddagi “Zelal-tex” ip-kalava va tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi hamda Dushanbe shahridagi “Artel” maishiy texnika ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli loyihalar qatoridan joy olgan. “Oybek – Fotexobod” chegara punkti va “Andarxon” savdo-logistika markazida savdo zonasini tashkil etish, Tojikistonning Zarafshon daryosida ikkita GES qurish kabi salmoqli qoʻshma loyihalarning amalga oshirish ishlari faol olib borilmoqda. 

Hamkorlikda ishlash va qoʻllab-quvvatlash tajribasiga asoslanib, munosabatlarni rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari, xususan, metallurgiya va togʻ-kon sanoati, mineral-xomashyo resurslarini oʻzlashtirish va qayta ishlash, shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, gidroenergetika, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, agrosanoat kompleksi va yengil sanoat kabi sohalar belgilab olindi. 

Oʻz navbatida, Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Usmonali Usmonzoda ham savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini yuqori baholadi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini faol hamkorlik qilishga, sheriklik aloqalarini oʻrnatishga chaqirdi. 

Oʻzbekiston – Tojikiston sarmoyaviy kompaniyasining roli alohida taʼkidlandi, uning resurslaridan foydalanish uchun umumiy qiymati 135 million dollar boʻlgan 14 ta loyiha roʻyxati shakllantirildi. 

Biznes-forum yakunlari boʻyicha hujjatlar toʻplami imzolandi, ular asosida har bir loyihani amalga oshirishning aniq ijrochilari va muddatlarini oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.

OʻzA