O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida tashkil etilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” 16-vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv chog‘ida A.Komilov koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish va Markaziy Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolanishi hamda O‘zbekistonning «PBT+» tizimida benefitsiar mamlakat maqomini olishi YeI bilan aloqalar jadallashuviga turtki beradi.
2019 yilda qabul qilingan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida ko‘zda tutilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish jarayoni tahlil qilinib, mazkur yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarni faollashtirish mexanizmi ko‘rib chiqildi.
YeIning 2021-2027 yillar uchun yangi byudjet davri doirasidagi hamkorlikka oid ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirish dolzarbligi e’tirof etildi. Bu jarayon mintaqa davlatlarida qishloqlarni rivojlantirish, ta’lim sifatini yaxshilashni, shuningdek, samarali davlat boshqaruvi va tibbiyot kabi sohalarni qamrab olishi kerakligi aytildi.
O‘zbekiston TIV rahbari mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlash masalasi Markaziy Osiyo davlatlarining strategik vazifasi ekanini qayd etdi. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida mazkur tashkilot shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi mintaqada diversifikatsiyalashgan transport-tranzit yo‘llarini shakllantirish imkonini beradi.
Tovar va xizmatlar bozoriga chiqish imkoniyati hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish borasidagi munosabatlarni yaxshilash orqali savdo-iqtisodiy sohadagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatilishi butun mintaqa barqarorligi va farovonligi kafolati bo‘ib xizmat qilishi ta’kidlandi. Yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali mazkur mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonga jalb qilinishi afg‘on muammosi tez fursatda bartaraf etilishi uchun zarur sharoit yaratadi
Mamlakatimiz tashqi siyosart idorasi rahbari madaniy-gumanitar, turizm, fan, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqboliga ham batafsil to‘xtaldi.
Vazirlar uchrashuvi yakuniga ko‘ra, Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.
O‘zA