Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida Tashqi ishlar vazirlari VI uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari ham ishtirok etgan tadbirda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo va o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, umumiy chaqiriqlarga birgalikda yechim topish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimiz TIV matbuot xizmatiga xabar berishicha, tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, infratuzilma loyihalari, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, ekologiya va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish zarurligini yakdil tasdiqlagan.

Jumladan, Baxtiyor Saidov O‘zbekiston barcha qo‘shni davlatlar va Xitoy bilan har tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqada barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga sodiq qolishini ta’kidladi.

– Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar barcha uchun umumiy farovonlik yo‘lida xizmat qilishiga qat’iy ishonamiz, – deb yozgan mamlakatimiz vakili ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
M.Pirmatova, O‘zA