Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston TIV: Qatarga hujum butun Yaqin Sharqdagi tinchlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdiddir
12:01 / 2025-09-17

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC xabar berishicha, mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning Qatarga hujumi va mintaqaviy xatarlar muhokamasida O‘zbekiston nizolarni muloqot orqali hal etish tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Xususan, Isroilning Dohaga hujumi butun Yaqin Sharqdagi tinchlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidligini ta’kidlab, mamlakatimiz Qatar davlati bilan to‘liq birdamligini bildirdi.

Favqulodda arab-islom sammitida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston vakili,jumladan, shunday dedi:

– Isroilning Doha shahriga zarbasi qalbimizni larzaga soldi. Bu tinchlikka erishish va kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lgan Qatar suverenitetiga tahdiddir. Tomonlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi rejani muhokama qilayotgan bir payt yuz bergan, muloqot va diplomatiyaga ham zarba bergan mazkur hujum mintaqaviy xavfsizlikni ochiqdan-ochiq mensimaslik, xalqaro me’yor va qonunlarni qo‘pol ravishda buzishdir.

Shuningdek, Xavfsizlik Kengashining Qatarga qilingan hujum haqidagi bayonotiga ishora qilib, vazirimiz vaziyat jiddiyligiga to‘xtaldi. Qatar davlati o‘z hududini har qanday hujumdan himoya qilish va bu borada zarur chora ko‘rishga haqli ekanini ta’kidlab, ayni og‘riqli voqea butun mintaqa tinchligiga jiddiy tahdid va o‘ziga xos sinov ekaniga urg‘u berdi.

B.Saidov mamlakatimiz ushbu tajovuzkor harakatni keskin qoralashi, Yaqin Sharqdagi barqarorlik va tinchlikka tahdid soluvchi har qanday urinishga nisbatan qat’iy qarshi pozitsiyada ekanini tasdiqladi. Mintaqadagi mavjud vaziyat yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro hamjamiyatni zarur choralar ko‘rishga chaqirdi.

Diplomat so‘zi oxirida O‘zbekiston Falastin xalqining Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil davlat barpo etish huquqini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Falastin xalqiga doimiy diplomatik va gumanitar yordam ko‘rsatilayotganini qayd etdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA