Ma’lumki, ayni paytda davlatimiz rahbari Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentining taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Vashington shahrida bo‘lib turibdi. Bu tashrif nafaqat ikki mamlakat munosabatlaridagi navbatdagi qadam, balki global tinchlik va barqarorlikka daxldor dolzarb masalalar muhokama qilinayotgan tarixiy jarayonning bir qismi hisoblanadi.
Ayniqsa, Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi AQSH Tinchlik institutida o‘tayotgani va unda G‘azo sektorini tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash kabi o‘ta muhim masalalar kun tartibiga qo‘yilgani jahon hamjamiyati diqqat markazida turibdi.
E’tiborlisi, bu kabi yuksak darajadagi muloqotlarda O‘zbekistonning ta’sischi davlat sifatida ishtirok etayotgani o‘lkamiz tashqi siyosatining faol, mas’uliyatli va tinchlikparvar ruhini yaqqol namoyon etmoqda, deyish mumkin.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston va AQSH munosabatlari, Tinchlik kengashi birinchi sammitining mamlakatimiz tashqi siyosatidagi roli va ahamiyati hususida tarix fanlari doktori, professor Xudoyberdi Haqnazarov fikrlarini yozib oldi.
– So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar orqali biz faqatgina ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama emas, balki bir qator yetakchi davlatlar bilan strategik sheriklik, doimiy uchrashuvlar, ya’ni, global muloqot darajasidagi asosiy ishonchli sheriklardan biriga aylandik. Bu avvalo, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar va dunyo davlatlari bilan keng ko‘lamli yo‘lga qo‘yilgan tinchlikparvar muloqot samarasidir.
Birgina misol, oxirgi olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida turli doiradagi to‘rtta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Agar solishtirib ko‘rilsa, avvallari u yoki bu doirada, ya’ni mintaqaviy ko‘rinishda yoki turli masalalar nuqtai nazaridan muloqotlar olib borilgan. Endilikda esa bu jarayon muntazam sheriklik masalasiga o‘tdi. Bu holat nafaqat mintaqaviy muammolar, balki global masalalarda ham O‘zbekistonning aniq, yaxlit pozitsiyasi borligidan dalolat beradi.
Hususan, 2017-yildan boshlab Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining beshta majlisida bevosita nutq so‘zladi. Har bir chiqishda mintaqaviy hamda global miqyosdagi muammolarga O‘zbekistonning aniq pozitsiyasi bildirib o‘tildi. Tahlilchilar diyorimizning tashabbuskor davlat sifatida tutayotgan yo‘lini e’tirof etishyapti.
Tinchlik kengashidagi O‘zbekistonning navbatdagi amaliy ishtiroki esa tashqi siyosatimizdagi so‘nggi yillarda olib borilayotgan ochiqlik, shaffoflik, dunyoga xayrixohlik, tinchlik masalasida birinchilardan bo‘lib oldingi saflarda turishining amaliy ifodasi sifatida ko‘rish mumkin.
Tinchlik kengashi bu aniq maqsadga yo‘naltirilgan, ya’ni G‘azodagi vaziyatni tiklash, nafaqat u yerdagi harbiy mojarolarni to‘xtatish, balki butun infratuzilmani qayta tiklash, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan tuzilma sifatida shakllantirildi. Bu borada O‘zbekistonning o‘ziga yarasha tajribasi bor. Chunki Respublikamiz tomonidan besh marta “Mehr” operatsiyalari amalga oshirildi. Dunyodagi olovli nuqtalardan, harbiy nizolar bo‘lib o‘tayotgan joylardan ayollar va bolalar olib kelinib, reabilitatsiya qilindi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda ancha rivojlandi. Davlat va hukumat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotlar tez-tez amalga oshirilmoqda. Uchrashuvlar ko‘payib borgan sari o‘zaro ishonch ham yuksalib boryapti.
Aytish kerakki, tashqi siyosatimizning ko‘p vektorli bo‘lishi faqatgina iqtisodiyot emas, balki milliy manfaat, ijtimoiy va boshqa sohalardagi ko‘p tarmoqli aloqalarning rivojlanishiga xizmat qilyapti. Buni turli ijtimoiy sohalar, xususan, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, turizm yo‘nalishlarida ko‘rish mumkin. Masalan, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab AQSH fuqarolariga 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar fuqarolarining yurtimizga qiziqishi ortib bormoqda.
So‘nggi yillarda AQSHning 40 dan ziyod universitetlari diyorimizdagi 25 ta oliy ta’lim muassasalarida qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha faoliyat olib boryapti.
Umuman olganda, bu kabi jarayonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Uchrashuv va muloqotlarda erishilgan har bir kelishuv hamda shartnomalar o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.
Go‘zal Sattorova tayyorladi.
O‘zA