Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston tibbiyotida Milliy akkreditatsiya tizimi joriy etildi
15:41 / 2025-12-19

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish doirasida tibbiyot tashkilotlarini Milliy akkreditatsiya qilish tizimi amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etildi.

Mazkur tizim tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar xavfsizligini kafolatlash, shuningdek, tibbiyot muassasalarida sifat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan zamonaviy mexanizm hisoblanadi.

Milliy akkreditatsiya tizimi davlatimiz rahbari boshchiligida tibbiyot sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, u tibbiyot tashkilotlari faoliyatini xavfsizlik, samaradorlik va xalqaro standartlar asosida baholash imkonini beradi.  

Ushbu tizim orqali tibbiy xizmatlar sifatini tizimli ravishda oshirish, bemorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda klinik amaliyotlarda zamonaviy standartlarni joriy etish nazarda tutilgan.

[gallery-26813]

–Milliy akkreditatsiya jarayonlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi, –deydi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” direktori Jaloliddin Asamutdinov. – Markaz tomonidan ishlab chiqilgan Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash bo‘yicha Milliy standartlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 5 avgustdagi 244-son buyrug‘i bilan tasdiqlandi.

Shuningdek, 2025 yil 21 oktyabrdagi 327-son buyruq bilan akkreditatsiya jarayonlarini amaliyotga joriy etish tartibi belgilandi. Ushbu standartlar tibbiyot tashkilotlari faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi. Xususan, yetakchilik va boshqaruv tizimi, bino va jihozlarning xavfsizligi, infeksion nazorat, klinik amaliyot va davolash jarayonlari, dori vositalari bilan ishlash, bemorlar huquqlarini himoya qilish, kadrlar boshqaruvi va malaka oshirish yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Standartlar ISQua (International Society for Quality in Health Care) xalqaro talablari asosida, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, tibbiy xizmatlar sifatini global me’yorlarga moslashtirishga qaratilgan.

Milliy akkreditatsiya tizimining amaliyotga joriy etilganini tasdiqlovchi dastlabki natijalar sifatida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “M-Clinic” ko‘p funksiyali tibbiyot markazi birinchi bo‘lib akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi va oliy toifa bahosiga loyiq deb topildi.

Mazkur jarayon yakuni bo‘yicha poytaxtimizdagi “M-Clinic” markazida Milliy akkreditatsiya sertifikatini topshirish marosimi tashkil etildi.  

Ushbu tizimning joriy etilishi orqali tibbiyot tashkilotlarida xizmatlar sifati oshadi. Bemorlar xavfsizligi kafolatlanadi, sifat madaniyati shakllanadi. Tibbiyot muassasalari xalqaro standartlarga mos faoliyat yuritadi. Davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali raqobat rivojlanadi.

Milliy akkreditatsiya tizimi, shuningdek, tibbiyot sohasida innovatsion texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga zamin yaratadi, bu esa bemorlar va mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Shahnoza Mamaturopova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA