Moskvada Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo Kengashi (MGS)ning 68-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish va xalqaro hamkorlik sohalarida jahon standartlari bilan uyg‘unlashtirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda MDH Bosh kotibining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ishtirok etdi. Yig‘ilishda a’zo davlatlar milliy standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash tizimlarini takomillashtirish hamda ilmiy‑texnikaviy va savdo‑iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Tadbirda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Bu esa mamlakatimizning standartlashtirish va metrologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikdagi faol o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Yig‘ilishda milliy organlar tomonidan standartlar va texnik tartibga solish amaliyotini takomillashtirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va tajriba almashish, ilmiy‑texnikaviy hamda savdo‑iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida “Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti” tanlovi bo‘yicha nominatsiyalar, jumladan O‘zbekistondan 6 ta mahalliy korxona MDH Ijroiya qo‘mitasiga taqdim etildi.
Yakunda navbatdagi yig‘ilishni Bishkekda o‘tkazish qarori ma’qullandi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA