Yurtimizda yoshlar uchun ta’lim, kasb-hunar, sport va tadbirkorlik imkoniyatlari imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ta’lim yo‘nalishida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar samarasini so‘nggi yillarda ushbu sohada qo‘lga kiritilayotgan katta yutuqlar orqali his qilamiz.
Joriy yilning 10–15 yanvar kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha 22-Xalqaro Jautikov fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 15 dan ortiq mamlakatidan 700 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchi ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yuqori natijani qayd etdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, mamlakatimiz vakillari jami 20 ta medal — 3 ta oltin, 8 ta kumush va 9 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu medallarning 14 tasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi maktablar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro Jautikov olimpiadasi 2005 yildan boshlangan bo‘lib, dastlab Qozog‘iston maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan. 2007 yildan boshlab olimpiada xalqaro maqomga ega bo‘lib, bugungi kunda matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha nufuzli mintaqaviy xalqaro musobaqalardan biri hisoblanadi.
Olimpiada shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar jamoaviy tarzda qatnashadi. Har bir jamoa tarkibida 7 nafar o‘quvchi — 3 nafar matematika, 2 nafar fizika va 2 nafar informatika fanlari bo‘yicha ishtirokchi bo‘ladi.
Mazkur olimpiada ishtirokchilar uchun bilim va salohiyatni sinovdan o‘tkazish bilan birga global miqyosda tengdoshlar bilan tajriba almashish va muloqot qilish imkoniyatini ham yaratadi.
M.Hojiakbarova, O‘zA