Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston televideniyesi 64 yoshda
17:27 / 2020-11-05

Bugun 5 noyabr kuni O‘zbekiston televideniyesi 64 yoshga to‘ldi.

1956 yilda xuddi mana shu kuni O‘zbekistonda televizion ko‘rsatuvlar rasman efirga uzatila boshlangan va Toshkent televizion studiyasi tashkil qilingan.  

Bu studiya o‘z ko‘rsatuvlarini shu yili bunyod etilgan 180 metr balandlikdagi Toshkent televizion minorasi orqali efirga uzatgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, telemarkaz 1958 yil ko‘chma telestansiyaga ega bo‘lib, o‘z ishini Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatrda 8 martga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishni olib ko‘rsatishdan boshlagan.  

O‘zbekiston televideniyesida o‘tgan asrning 70-80 yillariga kelib, «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi», «Oynadan o‘pkalama», «TV-almanax», «Televizion miniatyuralar teatri», «Olamda nima gap?» kabi turkum ko‘rsatuvlar ommalashib, tomoshabinlar maqtoviga sazovor bo‘lgan. O‘sha paytda «Marhabo, talantlar!», «Chashma», «Ofarin» kabi televizion tanlovlar eng shov-shuvli dasturlar hisoblangan.

O‘zbekiston televideniyesida sport mavzusining yoritilishi 1960 yillarda boshlangan. O‘sha davrda televideniyening «Yoshlik» muharririyati tarkibida «Sport dasturlari» bo‘limi tashkil etilib, bu bo‘lim xodimlari ham televideniye, ham radio uchun sport mavzusidagi ko‘rsatuv, eshittirish, xabar va lavhalarni tayyorlab bergan. 1980 yilda «Sport dasturlari» bosh muharririyati tashkil etilgan.

1973 yili O‘zbekiston televideniyesi tarkibida yangi tahririyat – Toshkent shahri va viloyati aholisi uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlar muharririyati tashkil etilib, ijodiy jamoa tomonidan tayyorlangan ilk dastur 1973 yilning sentyabr oyida efir yuzini ko‘rgan. Mazkur tahririyat 1989 yilda «Toshkent studiyasi»ga aylantirilgan.

bugungi kunda 64 yoshni qarshilagan O‘zbekiston televideniyesida 12 ta kanal mavjud. Ular, «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Toshkent», «Sport», «Mahalla», «Madaniyat va ma’rifat», «Bolajon», «Dunyo bo‘ylab», «Kinoteatr», «Navo», «Oilaviy», «O‘zbekiston 24» kanallaridir.