Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston teatri ilk bor Aspendos xalqaro opera va balet festivalida qatnashdi
15:45 / 2025-10-03

Turkiyaning Antaliya shahri yaqinidagi ikki ming yillik qadimiy Rim amfiteatri — Aspendos yana san’at ixlosmandlari diqqat markazida bo‘ldi.

32-Xalqaro opera va balet festivali o‘zining boy dasturi va yuqori badiiy saviyasi bilan dunyo miqyosida katta e’tibor qozondi. Festival ilk bor 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1998 yilda xalqaro maqomga ega bo‘ldi va 2003 yilda Yevropa festivallar assotsiatsiyasiga a’zo qilindi. 2004 yilda esa dunyoning eng yaxshi 10 ta opera festivali orasida 5-o‘rinni oldi.

Festivalning asosiy sahnasi — eramizning II asrida qurilgan va o‘zining mukammal akustikasi bilan mashhur Aspendos teatri. Bu tarixiy me’moriy majmua har bir spektaklga betakrorlik bag‘ishlaydi.

Bu yilgi festival dasturida uchta opera va uchta balet namoyish etildi. Festival Puchchinining mashhur “Turandot” operasi bilan ochildi va unda dunyoga mashhur solistlar ishtirok etdi. Keyingi kunlarda tomoshabinlar “Zorba”, “Labedinoye ozero”, “Don Kixot” kabi baletlar hamda “Toska” operasini tamosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Eng katta diqqat festivalning yopilish kuniga to‘g‘ri keldi. Ilk bor Markaziy Osiyodan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri to‘liq truppasi bilan ishtirok etdi va Juzeppe Verdining “Traviata” operasi bilan festivalni yakunladi.

Rejissyor Konstantin Kaminin sahnalashtirgan spektaklda taniqli dirijyor Vyacheslav Chernuho-Volich orkestrga rahbarlik qildi. Mashhur solistlar Latifa Abiyeva, Ramiz Usmonov va Rahim Mirzakamalov kabi ijrochilar tomoshabinlar tomonidan katta olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Boshqa davlatlardan asosan alohida mashhur solistlar taklif etilsa, O‘zbekiston teatri to‘liq jamoasi bilan qatnashishi Markaziy Osiyo madaniy hayoti uchun tarixiy voqea bo‘ldi.

Festival davomida qadimiy teatrning 13 ming o‘rinli zalida 8 mingga yaqin tomoshabin spektakllardan bahramand bo‘ldi. “Traviata”ning O‘zbekiston jamoasi ijrosidagi taqdimoti san’at ixlosmandlari qalbidan chuqur joy oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston davlat akademik katta teatri nufuzli Aspendos festivalida ilk bor ishtirok etib, xalqaro maydonda o‘zbek san’atini munosib namoyish etdi va madaniyatimizning obro‘sini mustahkamladi.

N. Usmonova, O‘zA