Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Tatariston biznes forumi bo‘lib o‘tdi
21:17 / 2022-04-12

Toshkentda O‘zbekiston – Tatariston biznes forumi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatida muzokara bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida uyushtirilgan, mamlakatimizning tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 150 dan ziyod vakili ishtirok etgan tadbirda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.

Tatariston delegatsiyasi tarkibida respublikaning yetakchi korxonalari mutaxassislari borligi, O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.

Tomonlar tadbirkorlar, investorlarni jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, istiqbolli sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida hamkorlikni faollashtirish tarafdori ekanini bildirdi.

To‘qimachilik, elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, biologiya-tibbiyot, axborot texnologiyalari singari ustuvor yo‘nalishlarda aloqa o‘rnatish imkoniyati mavjudligi e’tirof etildi.

[gallery-6596]

Anjumanda tegishli tarmoq birlashmalari rahbarlari har bir yo‘nalishning investitsiya, sanoat va savdo salohiyatini taqdimot ko‘rinishida atroflicha ochib berdi. Xorijiy sarmoya jalb etilishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning mavjud mexanizmlari hamda chet el kapitali ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotida xususiy sektorning rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Jalb etilayotgan investitsiya salmog‘ini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar faol ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subektlariga soliq yukini kamaytirish, xususiy mulk va xorijiy kapitalni huquqiy himoya qilish mexanizmini takomillashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Mazkur imtiyozlar xorijiy hamkorlar bilan ishlash samaradorligini o‘stirishga xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqib, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tataristonlik investorlar va tadbirkorlarga ham bir qator istiqbolli takliflar bildirildi. Ayni loyihalar oziq-ovqat, neft-gaz, farmatsevtika, ta’lim, muhandislik, ishlab chiqarish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Forum doirasida tashkil etilgan V2V shaklidagi uchrashuvlar ikki tomon biznes vakillariga o‘zaro fikr, loyiha, taklif almashish, hamkorlik istiqbolini muhokama qilish va aniq kelishuvlarga erishish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA