Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Masqat shahrida O‘mon Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
13:29 / 2024-06-27

O‘mon Sultonligi axborot agentligi – ONA “Janob Asad O‘zbekiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi” sarlavhali maqola e’lon qildi.

Maqolada Masqat shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘mon Bosh vaziri o‘rinbosari va davlat rahbarining maxsus vakili Asad bin Toriq Ol Said hamda O‘mon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad Al-Busaydiy janoblari bilan uchrashgani yoritilgan.

O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zbekiston–O‘mon munosabatlarini barcha jabhalarda yangi bosqichga ko‘tarish, keng qamrovli kun tartibi dinamikasini yanada oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muntazam almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash, sheriklikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, turizmni rivojlantirish va boshqa ko‘plab masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

– Hamkasbim Sayyid Badr bin Hamad Al-Busaydiy janoblari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdik,- dedi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari. – O‘zbekiston va O‘mon boy tarixiy va madaniy meros bilan bog‘langan, farovon taraqqiyot yo‘lida mushtarak qarashlarga ega. Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorligimizni yanada boyitish yo‘lida ustuvor yo‘nalishlarni, jumladan, savdo va iqtisodiyot, “yashil” energetika, o‘zaro bog‘liqlik, kadrlar salohiyatini oshirish, xalq diplomatiyasini ilgari surish masalalari hamda mintaqaviy va global kun tartibini muhokama qildik. Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi shartnomani ham imzoladik.

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Hatamov va boshqalar ishtirok etdi.  

Muharrama Pirmatova, O‘zA