O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 24-aprel kuni Chilining mamlakatimizdagi yangi elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Eduardo Eskobardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida o‘zaro munosabatlarni faollashtirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, parlamentlararo muloqot, qo‘shma savdo komissiyalari va hamkorlikning boshqa yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Chili o‘rtasida diplomatik munosabatlar bundan qariyb 30-yil avval – 1994-yil 15-sentyabrda o‘rnatilgan. Chilining yangi elchisi Eduardo Eskobar 64 yoshda va u tajribali diplomat sanaladi. Yangi elchi o‘z mamlakatidagi TIV markaziy apparatida va Chilining Isroil, Kot-d`Ivuar, Argentina, Kanada, AQSH, Avstraliya, Ekvador, Iordaniya va Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalarida ishlagan. 2021-yil may oyidan buyon Rossiyadagi elchi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U ingliz, ispan va fransuz tillarini mukammal biladi.