Munosabat
Yigirma birinchi asr mintaqaviy integratsiya jarayonlari va umumiy manfaatlar asosida shakllanayotgan xalqaro tashkilotlar davridir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) turkiy tilli davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim platforma sifatida maydonga chiqmoqda. Bu tashkilot nafaqat madaniy va tarixiy umumiylikni, balki siyosiy, iqtisodiy, ta’lim, fan-texnika sohalaridagi hamkorlikni ham kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, joylashuvi, tarixan o‘zaro yaqinligi va resurslariga ko‘ra, taraqqiyotning yangi bosqichida o‘ta muhim hamkorlik maydoni sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti nufuzi kun sayin ortib bormoqda. Bir vaqtning o‘zida tashkilotga a’zo davlatlarda istiqomat qiluvchi 175 millondan ortiq fuqarolarning ham madaniy jihatdan yaqinlashuvida muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari O‘zbekiston tashqi savdosida 14,5 foizi ulushga ega. Oxirgi sakkiz yilda tovar aylanmasi qariyb uch baravar – 3,34 milliard dollardan 9,5 milliard dollargacha o‘sdi. Eksport 3,5 milliard dollargacha oshdi. Shu bois, tashkilotga a’zo davlatlar ichida O‘zbekistonning ishtiroki alohida ahamiyatga ega.
Jumladan, Turkiy davlatlar tashkilotining amaldagi nomi aynan O‘zbekiston Prezidenti taklifi bilan 2021 yil 12 noyabrda Turkiyada bo‘lib o‘tgan sammitda o‘zgartirilgan. Bundan avval esa tuzilma Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan faoliyat ko‘rsatgan. 2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilgan O‘zbekiston uchun ushbu tuzilmada ishtirok etish nafaqat iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, balki turkiy dunyoning umumiy madaniy o‘ziga xosligini saqlash va rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
2022-2023 yillarda O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qildi. O‘zbekiston raisligi davrida 100 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi, amaliy hamkorlik uchun qator yangi platformalar yaratildi. Ochiqlik, inklyuzivlikka asoslangan hamda turli mintaqalar va sivilizatsiyalarni o‘z ichiga oluvchi hamkorlikning xilma-xil va moslashuvchan shakllariga intildi.
2022 yildagi Samarqand sammiti yakunlari bo‘yicha “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjat turkiy mamlakatlarning 2021 yilda qabul qilingan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konseptual hujjatini amalga oshirish bo‘yicha birinchi “yo‘l xaritasi” hisoblanadi.
O‘zbekiston tashkilotning iqtisodiy kun tartibini faol shakllantirib, savdo, investitsiya, transport, raqamlashtirish va barqaror rivojlanish sohalarida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Buni tashkilotning Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘tkazilgan navbatdagi sammitida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan quydagi tashabbuslar misolida ham ko‘rish mumkin.
Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish, Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish hamda organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqish kabi takliflarni bildirdi.
Shuningdek, Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Shu bilan birga, yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish hamda sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyalarini ilgari surdi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan 10 dan ortiq tashabbuslar tashkilotni ko‘p qirrali va strategik ittifoqqa aylantirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Ushbu tashabbuslar nafaqat TDTning ichki birdamligini mustahkamlaydi, balki uni xalqaro siyosat va iqtisodiyotda o‘z o‘rniga ega, raqobatbardosh va modern platformaga aylantirish salohiyatini oshiradi.
Qolaversa, o‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lash, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish, Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqilishi TDTni iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan yaxlit tizimga aylantirish, turkiy dunyoni xalqaro maydonda ta’sirchan va barqaror kuch sifatida shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA