Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston tashabbuslari TDT faoliyatida yangi bosqichni boshlashga xizmat qiladi
20:52 / 2025-10-09

Joriy yil 6-7 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) navbatdagi 12-sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratdi, hamkorlikni rivojlantirish uchun nihoyatda muhim bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Mazkur takliflar TDT doirasidagi turli hamkorlik yo‘nalishlari va muhokama markazidagi umumturkiy yirik loyihalarni qamrab oldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar respublikamizning turkiy dunyo bilan munosabatni faollashtiruvi taktika emas, balki uzoqni ko‘zlagan strategik maqsadlarga xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi. 

Nutqda bir necha muhim yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentimiz ilgari surgan takliflar TDT formatida kuzatilayotgan ijobiy transformatsion o‘zgarishlarni yanada rivojlantirishi kutilmoqda. Zero, shu tariqa turkiy davlatlar siyosiy birdamligi va jipsligi kuchayadi.

Xususan, O‘zbekiston yetakchisi  Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinishi tarafdori ekanini ta’kidlagani hamkasblari tomonidan iliq kutib olindi. Sababi, mazkur bitim asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirishi, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilyapti. Qolaversa, ushbu tashabbus O‘zbekiston TDT doirasida shunchaki ishtirokchi davlat emas, balki turkiy makondagi munosabatlarning istiqboldagi yangi modelini shakllantirish jarayonidagi asosiy sub’ektga aylanayotgani haqidagi qarashlarni to‘laqonli tasdiqlaydi.

Ma’lumki, O‘zbekiston o‘tgan yil TDT 11-sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo xartiyasi” muallifi hisoblanadi. Bundan tashqari, mamlakatimiz ikki tomonlama hamkorlik formatida ham qardosh davlatlar bilan munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy jihatdan boyitish yo‘lida sobit. Davlatimiz 2019 yil TDTga doimiy a’zo bo‘lib kirgan kundan buyon o‘tgan tarixan qisqa davr mobaynida barcha hamkorlarimiz bilan munosabatlar yangi maqomga ko‘tarildi. Ya’ni, Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik, Turkiya va Qirg‘iziston bilan ko‘p tomonlama strategik hamkorlik, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sheriklik o‘rnatilgan.

Tabiiyki, yuqoridagi hujjatlar amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi uchun davlatlararo munosabatlar ko‘p tomonlama manfaatli yirik iqtisodiy loyihalar bilan boyitilishi lozim. Shuning uchun ham Shavkat Mirziyoyev har doim o‘z nutqlarida iqtisodiy masalalarga ustuvorlik beradi. Bu gal mamlakatimiz rahbari o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rilishini bildirdi. Bu so‘zlar barchaga iqtisodiy kun tartibini kengaytirish muhimligi haqidagi qat’iy chorlov bo‘lib yangradi.

O‘zbekiston Prezidenti Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini ta’kidlaganda, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investitsiya uchun qulay sharoit, huquqiy baza va infratuzilma yaratilishi zaruratini nazarda tutgan. Mazkur g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha aniq institutsional mexanizm yaratish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Bosh vazirlar o‘rinbosarlari tomonidan boshqariladigan Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi, Sanoat alyansini tuzish va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini yaratish taklifini bildirdi. Qolaversa, transport sohasiga to‘xtalib, TDT maydonidagi O‘rta yo‘lakda O‘zbekiston ishtiroki muhimligini tasdiqlab, mazkur transport zanjirini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan loyihalarga alohida e’tibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, O‘rta yo‘lak Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimi vujudga keladi.

Bu borada maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, raqamlashtirilgan bojxona tartibini joriy qilish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yuqoridagi barcha g‘oyalar O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikning moddiy asoslarini yanada kuchaytirish bo‘yicha asosiy tashabbuskor ekanini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz tub manfaatlariga to‘liq javob beradi. Zero, bugungi kunda diyorimizning iqtisodiy farovonligi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda TDT doirasidagi hamkorlik yuksak ahamiyat kasb etmoqda. Bu bir necha omillar bilan bog‘liq.

Birinchidan, a’zo davlatlarning tashqi iqtisodiy aloqalarimiz tizimidagi o‘rni ortmoqda. Ayni payt mamlakatimizning turkiy dunyo davlatlari bilan savdo ulushi 10 milliard dollarga yaqinlashdi. Ushbu ko‘rsatkich umumiy tashqi savdomizning 15 foiziga to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda, TDTga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar guruhi birgalikda Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi yirik savdo sherigimizdir.

Boz ustiga turkiy makon savdo masalasida boshqa hamkorlarga nisbatan muayyan ustuvorlikka ega. Binobarin, TDT bilan savdo aylanmasida eksport va import nisbati muvozanatlashgan, savdo tuzilmasi diversifikatsiyalashgan. Ya’ni, O‘zbekiston eksportida qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar segmenti ustunlik qiladi.

Qolaversa, turkiy mamlakatlar ichki iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim rol o‘ynamoqda. Masalan, TDT a’zolari kapitali ishtirokidagi korxonalar soni izchil o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. 2025 yil ushbu raqam 4 000 ga yaqinlashib, 2019 yilga nisbatan 60 foiz ko‘paydi. Endilikda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarimiz umumiy miqdorining 20 foizi TDT hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Ikkinchidan, TDT a’zolari iqtisodiy hamkorligida hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan imkoniyat behisob. Jumladan, salmoqli inson kapitali, mavjud xom ashyo resursi va sanoat salohiyatidan unumli foydalangan holda, ustuvorlikka ega sohalarda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish mumkin. Mazkur jarayonda umumturk brendi vujudga keladi. Natijada TDT makonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha karra ortadi.

Bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash uchun juda qulay sharoit mavjudligini ham e’tibordan chetda qoldirish kerak emas. Bu birinchi navbatda turkiy davlatlarning strategik muhim geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Ushbu afzallikdan samarali foydalanish orqali xalqaro savdo munosabatlari va global ta’minot zanjiridagi tarixiy yetakchilik maqomini tiklash mumkin. Shu bilan birga TDT a’zolarining turli iqtisodiy birlashmalardagi ishtiroki boshqa davlatlar bozoriga chiqish imkoniyatini 
yanada yengillashtiradi.

Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston – Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zolari. O‘zbekistonda Janubiy Osiyo bilan hamkorlik infratuzilmasi mavjud. Ozarbayjon Kaspiy dengizida portlariga ega. Vengriya Yevropa Ittifoqi tarkibida. Turkiya, garchi, YeI a’zosi bo‘lmasa-da, 1995 yildan buyon ko‘hna qit’a bojxona ittifoqining bir qismi hisoblanadi.

Bundan tashqari, allaqachon TDT mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli namunalari mavjud.

Masalan, “UzAuto Motors”, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondagi hamkorlari bilan birga “Chevrolet” avtomobillari ishlab chiqaruvchi bir nechta zavod tashkil etgan. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari “LC Waikiki” va “DeFacto” kabi turk brendlari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradi. Respublikamizning “Global Textile” kompaniyasi Ozarbayjonda to‘qimachilik klasteri loyihasini faol rivojlantirmoqda. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq turkumni qamrab olgan.

Yurtimizda esa Ozarbayjonning “Matanat-A” kompaniyasi ishtirokida umumiy byudjeti 100 million dollarga teng loyiha – qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu sanoat kooperatsiyasi va texnologiya transferiga yana bir yaqqol misol. O‘zbekiston bunday aloqalarni rivojlantirish, kooperatsiya jarayoniga tizimli tus berishdan manfaatdor. Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish va Sanoat alyansini tuzish kabi bir-birini to‘ldiruvchi takliflarni ilgari surdi. Bu orqali O‘zbekiston umumturk tizimlashgan sanoat kooperatsiyasini yaratish uchun tamal toshini qo‘ymoqda. Zero, yuqoridagi takliflar sanoat yo‘nalishidagi hamkorlikning institutsional-tashkiliy asosini mustahkamlaydi: aniq vakolatga ega va hisobdor tuzilmalar vujudga keladi.

Ko‘rinib turibdiki, iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslarimiz ulkan maqsadlardan tezkor harakatga o‘tish va aniq natijaga erishishga qaratilgan.

Uchinchidan, O‘zbekiston TDT doirasida amalga oshirilayotgan transport yo‘laklaridan asosiy manfaatdor davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy strategiyasida dengiz portlariga chiqish va yangi bozorlarga kirib borish kabi maqsadlar ustuvorlik kasb etadi. Shu orqali xorijiy aloqalar geografiyasini diversifikatsiya qilish, eksportni rag‘batlantirish va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirish mumkin. Mazkur maqsadlar ro‘yobi diyorimizning hozirgi taraqqiyot bosqichi, shuningdek iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichi muntazamligiga erishish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini ta’minlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Shuning uchun ham davlatimiz TDT doirasida transport-kommunikatsiya bog‘liqligi kuchayishining faol tarafdoridir. Boz ustiga, allaqachon tashqi savdo aloqalarimizda O‘rta yo‘lakning o‘rni ortib bormoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil Boku porti orqali amalga oshirilayotgan O‘zbekiston yuk aylanmasi miqdori million tonnaga yetgan. Ayni yo‘nalish yurtimizni Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bozori bilan bog‘laydigan eng qisqa va samarali yo‘l. O‘rta yo‘lak rivoji esa faqat o‘lkamiz ichki kun tartibidagi maqsadlar bilan cheklanmaydi. Mamlakatimiz bir vaqtning o‘zida Transafg‘on, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li singari bir necha transport yo‘laklarining faol ishtirokchisidir. Bu yo‘nalishlar O‘rta yo‘lak bilan integratsiyaga kirishishi amalda tarixiy Buyuk ipak yo‘li tiklanishi, O‘zbekistonning yangilanayotgan global iqtisodiy modeldagi o‘rni ortishini anglatadi.

Xulosa shuki, Turkiy davlatlar tashkiloti O‘zbekiston uchun nafaqat siyosiy va madaniy muloqot platformasi, balki strategik maqsadlari uyg‘un davlatlar uyushmasi bilan natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim formatga aylandi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston TDT bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, umumiy farovonlik va taraqqiyotga hissa qo‘shishda davom etadi.

Azizjon Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi