Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston tanlagan tashqi siyosat yo‘li – o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan tinchlik strategiyasidir
09:51 / 2026-01-26

Geosiyosiy raqobat keskinlashayotgan sharoitda tinchlikni saqlash, nizolarni siyosiy va diplomatik yo‘llar orqali hal etish masalasi jahon hamjamiyati uchun ustuvor vazifaga aylandi. “Tinchlik kengashi” xalqaro formati qurolli qarama-qarshiliklarga barham berish, mojarolarni harbiy emas, balki siyosiy muloqot va diplomatik kelishuvlar asosida hal etishga qaratilgan samarali platforma sifatida shakllantirilmoqda.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:

– E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ga ta’sischi davlat sifatida taklif etildi. Davlatimiz rahbari Davos shahrida ushbu kengash nizomini imzolash marosimida ishtirok etgani, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgani mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va siyosiy salmog‘i yanada ortganini yaqqol namoyon etdi. 

Bu qadam O‘zbekistonning global tinchlik va barqarorlik masalalarida faol va mas’uliyatli ishtirokchi sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat berdi.

“Tinchlik kengashi” faoliyatining asosiy maqsadi – qurolli mojarolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, davlatlar o‘rtasida ishonchga asoslangan diplomatik muloqot maydonini yaratish, gumanitar va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, kengash faoliyati xalqaro huquq normalari va BMT rezolyutsiyalariga tayangan holda, amaliy va ta’sirchan qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekistonning mazkur tuzilmada ta’sischi davlat sifatida ishtirok etishi mamlakat tashqi siyosatining so‘nggi yillarda shakllangan ko‘p tomonlama, ochiq va pragmatik yo‘li bilan uzviy bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston tashqi siyosati “urush emas - muloqot”, “majburlash emas - kelishuv” tamoyillariga asoslanib, mintaqaviy va global barqarorlikka hissa qo‘shishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi.

Mamlakatimiz xalqaro nizolarga nisbatan adolatli va muvozanatli pozitsiyani egallab, ziddiyatlarni tinch yo‘llar bilan hal qilish tarafdori ekanligi bilan ajralib turadi. 

Ayniqsa, Afg‘oniston masalasidagi konstruktiv yondashuv, Markaziy Osiyoda ishonch muhitini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekistonni xalqaro maydonda ishonchli va konstruktiv hamkor sifatida namoyon etdi. 

“Tinchlik kengashi” doirasida ham mamlakatimiz aynan shu boy tajriba va yondashuvlar bilan faol ishtirok etishi mumkin.

Muhimi shundaki, O‘zbekiston hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmasdan, o‘z mustaqil va muvozanatli pozitsiyasini saqlab qolgan holda, global tinchlikka daxldor masalalarda faol tashabbuskor bo‘lib chiqmoqda. Bu esa, mamlakat tashqi siyosatidagi pragmatizm, ochiqlik va milliy manfaatlar uyg‘unligining yaqqol namunasidir.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekistonning “Tinchlik kengashi” faoliyatida ta’sischi davlat sifatida ishtirok etishi mamlakatning tinchlikparvar tashqi siyosati yangi, sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. 

Bu tashabbus orqali O‘zbekiston xalqaro nizolarni hal etishda faqat kuzatuvchi emas, balki konstruktiv taklif va yechimlar bilan chiquvchi faol ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mazkur qadam mamlakatning xalqaro maydondagi ishonchini mustahkamlab, uni barqarorlik, muloqot va o‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlikni ilgari surib kelayotgan davlat sifatida yanada mustahkam qaror topishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning siyosiy ta’sir doirasi, diplomatik imkoniyatlari hamda global jarayonlardagi roli kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, “Tinchlik kengashi”dagi ishtirok qisqa muddatli siyosiy foydaga emas, balki uzoq istiqbolda mintaqaviy va global tinchlikni ta’minlash orqali milliy manfaatlarni mustahkamlashga qaratilgan ongli va mas’uliyatli tanlovdir. Bu yondashuv mamlakatimiz kelajagini barqarorlik, taraqqiyot va xavfsizlik bilan bog‘lashga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston tanlagan tashqi siyosat yo‘li – ochiq muloqot, o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan tinchlik strategiyasidir. Bu mamlakatimizning strategik manfaatlariga to‘la mos keladi hamda uzoq muddatli taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA