Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ta’lim tizimida kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi
16:14 / 2023-03-24

Insonning asosiy huquq va erkinliklaridan biri bo‘lgan ta’lim olish huquqining Konstitutsiyada mustahkamlanishi jamiyatimiz rivoji uchun beqiyos ahamiyatga ega.

Zero, ta’lim olish huquqi insonni intilishga, kamolotga yetaklaydi. Shu ma’noda ta’lim taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.  

Shu jihatdan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar qatorida aynan ta’limga oid yangi qoidalar qo‘shilgani mamlakatimizning yuksalish va taraqqiyot tomon yuzlangani isboti hisoblanadi.  

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi 21-moddasida har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekani belgilanmoqda.  

Shaxsni kamol toptirish aynan ta’lim orqali amalga oshiriladi, bilim olish jarayonida uning muhim sifat va fazilatlari shakllanadi. Intiluvchanlik, mustahkam iroda, odamiylik, bilimga chanqoqlik, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari shular jumlasidandir.  

Qonun loyihasining 33-moddasida davlat internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi qayd etilgan. Bu juda muhim qoida. Nega deganda bugungi kunda boshqa sohalar qatori ta’lim tizimini ham internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Maktab o‘quvchilari va talabalar doimiy o‘z ustida ishlashi, o‘qituvchi-murabbiylar malakasini oshirishida internetning o‘rni ulkan.  

Shu o‘rinda loyihaning 50-moddasiga alohida e’tibor qaratish joiz. Unga ko‘ra, har kim ta’lim olish huquqiga ega. Ushbu qoidada aynan “har kim” jumlasidan foydalanilgani juda muhim. Gap shundaki, ta’lim olish huquqi sub’ektning aynan “har kim” deb tavsiflanishi O‘zbekiston ta’lim tizimida kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi.  

Shuningdek, bu moddada davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil tur va shakli hamda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlashi belgilanyapti.  

Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi haqidagi qoidalar ham aynan shu moddada mustahkamlanmoqda.  

Shu o‘rinda aytish kerakki, har qanday huquq, shu jumladan, ta’lim olish huquqi ham ma’lum ma’noda majburiyat ham hisoblanadi. Boz ustiga, qonunchilik hamda yuridik amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘pgina huquqlar odamlarda faqat inson tomondan qandaydir ijtimoiy va yuridik majburiyatlar bajarilgandan keyin paydo bo‘ladi.  

Ya’ni har birimiz bizga ijtimoiy kommunikatsiyaning ma’lum darajasini kafolatlaydigan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishimiz kerak. Bizning yurtimizda minimal ma’lumotga ega bo‘lish majburiyati maktab ta’lim tizimi bilan bog‘liq va yuridik jihatdan Konstitutsiya va boshqa huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan. Bunda asosiy majburiyat davlat va ota-onalarga yuklatilgan.  

Jumladan, Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi  77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar kadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishi shartligi belgilanmoqda.  

Demak, farzandlarning ta’lim orqali hayotda o‘z o‘rnini topishida, birinchi navbatda, aynan ota-onalar mas’ul ekanligini unutmasligimiz darkor. Zero, farzandlarimiz nafaqat bizning, balki butun yurtimizning ertangi kuni.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va qonunlarimiz esa bizga bu borada barcha zarur kafolatlarni ta’minlab berishi bilan ham muhim ahamiyatga ega.  

Sanobar SUYAROVA, 

Oliy Majlis Senati a’zosi. 

O‘zA