Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston tajribasi xalqaro konferensiyada yuqori baholandi
20:08 / 2022-06-08

Bugun, 8 iyun kuni Qohirada davom etayotgan xalqaro anjumanning asosiy qismida Muftiy Nuriddin domla hazratlari nutq qilib, Islom ma’rifatini to‘g‘ri yetkazish va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turish borasidagi O‘zbekiston tajribasini bayon etdi.

Ma’ruzada «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili asosida ekstremistik g‘oyalar ta’siridan xalqimizni himoya qilishda sof Islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholi ilm-ma’rifatini boyitishga katta urg‘u qaratilayotgani alohida qayd etildi.

Ayniqsa, Qur’oni karimni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlanish uchun O‘zbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarga manzur keldi.

Muftiy hazratlari kechirimlilik siyosati tufayli mamlakatda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, o‘z qilmishidan pushaymonligi va to‘g‘ri yo‘lga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida ma’lumot berdilar.

Mazkur toifadagi insonlar o‘zlarini davlat himoyasi va g‘amxo‘rligi ostida ekani, to‘laqonli fuqaro sifatida his qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar hozirlanganiga urg‘u qaratdilar.

Nutqda yoshlarni adashishlikka olib boruvchi omillarga qarshi qaratilgan ishlarga katta e’tibor berilayotgani, xususan, ulamolar, imom-xatiblar va diniy soha xodimlari doimiy ravishda aholiga imon-e’tiqod, dinu diyonat va ilmu ma’rifat haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida Muftiy hazratlari alohida to‘xtaldilar.

Shu bilan bir qatorda xalqimiz e’tiqodi sofligini muhofaza qilish ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotganiga barchaning e’tiborini qaratdilar. Ayniqsa, Yaqin Sharq va Afg‘oniston hududlaridan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan «Mehr» operatsiyalari, olib kelinganlarning jamiyatga moslashuvi uchun qilinayotgan ishlar ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi, deya xabar beradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.

Anjuman davom etmoqda.

O‘zA