Bugun, 24 sentyabr kuni Suv xo‘jaligi vazirligida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi»ning 3-bosqichi doirasida O‘zbekiston suv xo‘jaligining 2030 yilgacha bo‘lgan Gender konsepsiyasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda soha mutaxassislari, aloqador vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakilalari, gender masalalari bo‘yicha ekspertlar, shuningdek, suv xo‘jaligining Gender konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mas’ul idoralararo ishchi guruh a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida gender tengligini ta’minlash mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Ushbu hujjatda respublikamizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini mustahkamlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish bilan bog‘liq qator vazifalar belgilab berilgan. Bu boradagi vazifalarga erishish agrar soha, xususan, suv xo‘jaligi tizimida ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda O‘zbekiston suv xo‘jaligining 2030 yilgacha bo‘lgan gender konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2021 yilda o‘tkazilgan suv xo‘jaligini gender baholash natijalariga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, hujjatda sohada gender tenglikka erishish, erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Davra suhbatida xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston suv xo‘jaligida gender tengligining hozirgi holatini baholash, suv resurslarini integrallashgan boshqarish tamoyillariga asoslangan suv xo‘jaligining gender konsepsiyasini ishlab chiqishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muhokamalarda 2030 yilgacha suv xo‘jaligining Gender konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha asosiy yondashuvlar, manfaatdor tomonlar bilan birgalikda aniq qadamlar va kelgusidagi harakatlar belgilab olindi.
O‘zA