Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishda oldinga qadam qo‘ymoqda
15:46 / 2025-12-22

O‘zbekiston Sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksida so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Oxford Insights xalqaro tahlil markazi tomonidan e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz 2023 yilda 87-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, ushbu ko‘rsatkichni 25 pog‘onaga yaxshiladi.

Xususan, 2024 yilda mamlakatimiz mazkur reytingda 70-o‘rinni qayd etgan bo‘lsa, 2025 yil natijalariga ko‘ra, yana 8 pog‘onaga yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi va o‘z pozitsiyasini yanada mustahkamladi.

AI Readiness Index  davlatlarning sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan samarali foydalanishga tayyorgarlik darajasini baholaydi. Reyting davlat boshqaruvi, texnologiyalar infratuzilmasi, inson kapitali, ma’lumotlar siyosati hamda innovatsion muhit kabi muhim mezonlar asosida shakllantiriladi.

Ushbu natijalar O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirish, raqobatbardosh raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va aholi uchun zamonaviy davlat xizmatlarini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning samarasini aks ettiradi.

N.Rahmonova, O‘zA