Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko‘maklashish” dasturi loyihasi rahbari Kristof Kopetski bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangani ta’kidlandi.
Shu o‘rinda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, dunyo standartlariga uyg‘un sudlov tizimini yaratishda xalqaro hamkor tashkilotlarning ko‘magi muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar qatorida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko‘maklashish” dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, ushbu loyiha doirasida o‘tgan ikki yil davomida sudyalar uchun bir nechta xorijiy xizmat safarlari tashkil etilib, o‘zaro hamkorlikda sud-huquq sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminar va treninglar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Oliy sud va “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko‘maklashish” mintaqaviy dasturi o‘rtasida sud-huquq sohasidagi amaliy hamkorlik samarali davom ettirilishi aytib o‘tildi. Bu O‘zbekiston sud tizimini yanada mustahkamlash yo‘lida o‘z natijasini berishga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA