Mamlakatimizda xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar belgilangan.
Unda gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinib, unda davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash belgilangan.
Xususan, davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga tanlovlar asosida tayinlash mexanizmlarini joriy qilish orqali xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish, jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda xotin-qizlarning ishtirokini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatilgan.
Sud tizimida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sudyalar orasida xotin-qizlar ulushini 2025 yilda 20 foizga, 2030 yilda 30 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda 174 nafar ayol sudyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 26 nafari tizimda rahbarlik lavozimini egallagan.
Umuman olib qaraganda, sudyalar orasidagi xotin-qizlarning ulushi 14 foizni tashkil etmoqda. (Bu ko‘rsatgich Qozog‘istonda 51 foiz, Rossiyada 66 foiz, Sloveniyada 70 foiz, Portugaliyada 75 foizni tashkil etadi).
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, sudyalar orasida xotin-qizlarning ulushi ortishi ijtimoiy munosabatlarga ayollar nuqtai nazaridan qarash va baho berishga imkoniyat yaratadi. Zero, ayol sudya o‘zi ko‘rib chiqayotgan nizoli ishdagi ijtimoiy holatlarga ona yoki opa, singil sifatida o‘z munosabatini bildiradi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy adolat ta’minlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Sir emaski, yurtimizda xotin-qizlar ko‘p hollarda o‘z haq-huquqlarini talab qilishga tortinadi. Oqibatda qator muammolar yechimini topmay qolib ketadi. Shu kabi holatlarni bartaraf etishda ayol sudyalarning faolligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Sud tizimida gender tenglikning ta’minlanishi jamiyatdagi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda, oilaviy zo‘ravonlikning kelib chiqishi va oqibatlarini aniqlashda muhim o‘rin tutadi.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga kelgusi o‘quv yili uchun fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy huquq ixtisosliklari bo‘yicha qabul e’lon qilingan. Tahsil davlat granti asosida amalga oshirilib, tinglovchilar stipendiya bilan ta’minlanadi.
O‘quv jarayonlari Sudyalar oliy maktabi binosida olib boriladi. Ayol tinglovchilarga o‘zlari istiqomat qiluvchi hududdagi sudlarda amaliyot o‘tash imkoniyati beriladi (amaliyot o‘tash jami o‘qish davrining qariyb yarmini tashkil qiladi).
Yana bir e’tiborli holat: Sudyalar oliy maktabining Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga hujjat topshirish tartibi soddalashtirilgan. Tizimda gender tenglikni ta’minlashdan kelib chiqib, xotin-qizlarga qo‘shimcha 12 kvota ajratilgan.
Hujjatlar 2023 yilning 5 iyuniga qadar qabul qilinadi. Ariza va hujjatlar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sudyalari malaka hay’atlari yoki bevosita Sudyalar oliy maktabi qabul komissiyasiga taqdim etilishi mumkin.
Demak, adliya, advokatura, prokuratura, ichki ishlar organlari, notariat, FHDYO tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan, tegishli talablarga javob beradigan huquqshunos xotin-qizlar mazkur kursda o‘qishi va kelgusida ayol sudyalar safidan joy olishi mumkin.
Bunday imkoniyatlar kelgusida sud tizimida gender tenglikni ta’minlash darajasi oshishiga, ayol sudyalar soni oshishiga yo‘l ochadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA