Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi
11:00 / 2025-08-21

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining joriy yil 31 avgust-1 sentyabr kunlari Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tadigan 25-yig‘ilishi arafasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Xitoy elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston – Xitoy har tomonlama strategik munosabati, shuningdek SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka bag‘ishlangan “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, vazirlik va idoralari vakillari, tahlil markazlari ekspertlari ishtirok etdi.

Dastlab mazkur jurnaldan joy olgan tahliliy maqolalarning ahamiyati, umuman SHHT Davlat rahbarlari kengashi navbatdagi yig‘ilishi hamda mamlakatlarimiz hamkorligi istiqboli, kutilayotgan natijalar xususida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov batafsil axborot berdi.

– Nashr sahifalaridan savdo va investitsiya, madaniy-gumanitar aloqa, energetika va raqamli transformatsiya, ilmiy almashinuv, tadbirkorlik imkoniyati kabi yo‘nalishlarga oid tahliliy maqolalar joy olgan, – dedi u.

[gallery-24846]

Aytish joiz, jurnal o‘zaro munosabatning amaldagi keng qamrovli jihatlari, islohotlarning amaliy natijalari aks etgan qimmatli tahliliy manba bo‘lib xizmat qiladi.

E.Tulyakov sheriklikning asosiy yo‘nalishlariga ham e’tibor qaratdi:

– Xitoy bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori. 
2024 yil o‘zaro savdo miqdori 12,4 milliard dollardan oshdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya esa 10 milliard dollarga ko‘tarildi. Mamlakatimizda ayni payt Chin investitsiyasi ishtirokida jami 4250 korxona energetika, telekommunikatsiya, transport, konchilik, to‘qimachilik va raqamli infratuzilma kabi muhim sohalarda samarali faoliyat olib boryapti.

Kelgusi yillarda hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li barpo etiladi. Bu loyiha Sharq va Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan yangi strategik yo‘lak hisoblanadi.

Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari mamlakatimizdagi “yashil energetika” dasturlariga faol jalb qilingan. Xususan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, umumiy hisobda 1,5 gigavattdan ko‘p toza energiya ishlab chiqarish imkonini yaratgan.

SHHT doirasidagi hamkorlik mavzusiga to‘xtalarkan, 
Markaz rahbari O‘zbekiston va Xitoy tuzilma asoschilari va eng faol a’zolari ekanini ta’kidladi. Oxirgi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan tashkilot doirasida xavfsizlik, transport, raqamli texnologiya, “yashil iqtisodiyot” va oziq-ovqat xavfsizligiga doir yuzdan ziyod taklif ilgari surildi.

– 2022 yil Samarqandda o‘tkazilgan tarixiy sammitda 44 xalqaro hujjat imzolangani ham bejiz emas, – deya so‘zini davom ettirdi Eldor Tulyakov. – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maxsus iqtisodiy zonalar alyansi tashkil etish, SHHT mamlakatlari yarmarkalarini o‘tkazish va gumanitar aloqalarni rivojlantirish kabi g‘oyalar taqdim qilindi.  Bugungi tadbir shunchaki jurnal taqdimoti emas, balki hamkorlikka oid yangi g‘oyalarni muhokama qilish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqamiz kelajagini birgalikda shakllantirish jarayoniga hissa qo‘shish, desak bo‘ladi.

Tadbirda davlatlarimiz “Shanxay ruhi” – o‘zaro ishonch, tenglik va manfaatdorlik tamoyiliga tayanishi, Tyanszindagi sammit butun mintaqa taraqqiyoti, xavfsizligi va farovonligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi qayd etildi.

– Tyanszin sammiti nafaqat Xitoy, balki ulkan SHHT oilasi uchun yilning muhim diplomatik voqeasidir, – deydi Elchi Yuy Szyun. –  Anjuman uchun qulay muhit yaratish maqsadida elchixonamiz va O‘zbekiston “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorlikda ushbu maxsus nashrni tayyorladi. Maqolalar  ikki mamlakatning o‘ndan ortiq vazirlik, tahliliy markaz, kompaniya va nodavlat tashkilotlari vakillari tomonidan tayyorlangan. Tashkil etilgandan buyon o‘tgan 24 yil davomida o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, maslahatlashuv, turli sivilizatsiyalarga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilishni ifodasi – “Shanxay ruhi”ga asoslangan SHHT asta-sekin xavfsizlik sohasida hamkorlik mexanizmidan siyosat, iqtisodiyot, madaniyat kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan mintaqaviy tashkilotga, global xalqaro masalalarni hal eta oladigan nufuzli kuchga aylandi. Amaliyot ko‘rsatdiki, tuzilmamiz rivoji tinchlik va taraqqiyot tendensiyasiga mos keladi va barcha mamlakatlar manfaatiga javob beradi.

Yuy Szyun o‘tgan yil iyul oyida tashkilot raisligiga kirishgandan buyon Xitoy “Shanxay ruhini yuksaltirish: SHHT harakatda” shiorini amalda qo‘llayotgani, muvofiqlashtiruvchi faoliyatni izchil olg‘a surib, ijobiy natijalarga erishayotganini ta’kidladi.

– Birinchidan, turli sohalardagi hamkorlik yanada chuqurlashdi, – dedi diplomat. – Sarmoya, energetika, ta’lim, transport, ilmiy va texnologik innovatsiya, yashil sanoat, raqamli iqtisodiyot, madaniy almashinuv kabi sohalarda o‘tkazilgan 100 dan ortiq tadbir birdamlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi.

Ikkinchidan, tashkiliy mexanizm takomillashtirildi. Xitoy barcha a’zo davlatlar bilan birga maslahatlashuv mexanizmi, hamkorlik modeli va doimiy institutlarni isloh qilib, innovatsiyaga ko‘maklashmoqda. Bu tashkilot faoliyatida samaradorlikni oshirish imkonini beryapti. Ayni payt barcha tomonlar huquqni muhofaza qilish, mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi modelini shakllantirish maqsadida mavjud tahdid va xatarlarga qarshi kompleks chora-tadbirlar, axborot, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash va giyohvand moddalarni nazorat qilish markazlari tashkil etish bo‘yicha muzokarani faollashtirmoqda.

Uchinchidan, “Shanxay ruhi” o‘zini yanada yaqqol namoyon qilib, asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalarda adolat tarafdori sifatida ko‘p tomonlama savdo tizimini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, kuch ishlatishni keskin qoralaydi, adolatni qat’iy himoya qiladi. Xitoy “Shanxay ruhi” xalq qalbidan chuqur joy olishi va “SHHT oilasi” yaqinlashishi uchun barcha a’zo davlatlar siyosiy partiyalari, ommaviy axborot vositalari va tahlil markazlari bilan faol muloqotlar olib borib, muntazam almashinuvni yo‘lga qo‘ymoqda.

20 dan ortiq davlat, 10 xalqaro tashkilot rahbari tashrif buyurishi kutilayotgan Tyanszin sammiti SHHT tarixidagi eng yirik anjumanga aylanishi uchun barcha imkoniyat mavjud.

– Xitoy va O‘zbekiston ta’sischi a’zolar sifatida SHHT rivojida konstruktiv rol o‘ynamoqda, –deydi elchi. – Rais Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida har qanday sharoitda har tomonlama strategik hamkorlikning yuqori darajasi ta’minlandi. Tomonlar asosiy manfaatga daxldor masalalar bo‘yicha bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlaydi. “Yangi O‘zbekiston”ni rivojlantirish strategiyasi “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi tashabbuslarga muvofiq keladi. Ayni hamkorlik a’zo davlatlar uchun yangi standartga aylanmoqda, mintaqaviy taraqqiyotga kuchli turtki berib, ikki mamlakat va xalqqa sezilarli foyda keltirmoqda.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik turli xalqaro platformalar, jumladan BMT, SHHT, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi va boshqa yo‘nalishlarda rivojlanmoqda.

O‘zbekiston va Xitoy SHHT doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Tashkilot ishini yanada samarali tashkil etish uchun doimiy ravishda aniq taklif va tashabbuslar ilgari surmoqda.

Xususan, O‘zbekiston tashkilotga raislik doirasida a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlislariga to‘rt marta mezbonlik qildi. 2022 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammit yakuni bo‘yicha rekord darajada – jami 44 hujjat, jumladan qator kelishuv, konsepsiya, dasturlar imzolandi. O‘zbekiston yetakchisi tomonidan mintaqaviy hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

O‘zbekiston va XXR o‘rtasida o‘zaro manfaatli strategik sheriklik bundan keyin ham izchil rivojlanishi, SHHT doirasidagi siyosiy-diplomatik muloqot, savdo-iqtisodiy aloqa, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy almashinuv va mintaqaviy hamda global xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi faoliyat yanada mustahkamlanishiga shubha yo‘q.

Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining zamonaviy tahlil, ekspertlar fikri, amaliy tajriba namunalari qamrab olingan navbatdagi maxsus soni o‘zaro aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Muharrama Pirmatova, 
Oybek Pardayev (surat),

O‘zA muxbirlari