Hindistonning Mumbay shahrida o‘tkazilgan Osiyoning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri – “OTM Mumbai” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan milliy stend yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Sayyohlik sohasi mamlakat iqtisodiyoti va madaniy brendni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois, xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish va mamlakatimizni keng targ‘ib qilish O‘zbekiston turizmining jahon maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
“Fairfest Media Ltd” xalqaro kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘rgazma natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Eng istiqbolli yangi sayyohlik yo‘nalishi” (Most Promising New Destination) nominatsiyasida g‘olib deb topildi va ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan beriladigan nufuzli “OTM Excellence Award” mukofotini qabul qildi.
Ushbu e’tirof O‘zbekistonning boy madaniy merosi, sayyohlik salohiyati va xalqaro maydondagi faol targ‘ibotining yana bir yorqin tasdig‘idir. Milliy stendning muvaffaqiyati O‘zbekiston turizmini jahon bozorida yanada keng targ‘ibot qilish va sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA