Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston startaplari uchun global maydonga chiqish imkoniyati kengaymoqda
15:20 / 2026-03-10

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “UzVC” Milliy venchur fondi “Techstars” xalqaro startap akseleratori bilan “Techstars” mahalliy akseleratsiya dasturini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Bu haqda “UzVC” Milliy venchur fondi direktori o‘rinbosari Abdulazal Toshxo‘jayev quyidagilarni ma’lum qildi:

– Yurtimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda. Bu borada xalqaro tajriba va investitsiyalarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida O‘zbekiston “Techstars” xalqaro startap akseleratori dasturlarini mamlakat bo‘ylab o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Mazkur hamkorlik milliy startap ekotizimini rivojlantirish, mahalliy texnologik loyihalarni global innovatsion tarmoqlarga integratsiya qilish hamda yosh tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Yaqinda mazkur tashabbusning rasmiy taqdimotini o‘tkazdik.  Tadbirda investorlar, tadbirkorlar, davlat va xususiy kompaniyalar vakillari, bank sektori rahbarlari, biznes hamjamiyatlari a’zolari hamda IT va startap sektori yetakchilari ishtirok etdi. “Techstars” huquqining qo‘lga kiritilishi O‘zbekistonda texnologik tadbirkorlik rivojida muhim bosqich bo‘lib, xalqaro startap hamjamiyatining mamlakat bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

“Techstars”ning odatiy modeli alohida shaharlarga huquq berishni nazarda tutadi. Biroq O‘zbekistonga eksklyuziv tarzda mamlakat bo‘ylab dasturlar o‘tkazish huquqi taqdim etildi. Mazkur format xalqaro mentorlar tarmog‘i, ta’lim dasturlari va investitsiya hamjamiyatiga kirish imkoniyatini mamlakat bo‘ylab kengaytiradi hamda innovatsiyalar rivojini nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham qo‘llab-quvvatlaydi.

“Techstars” O‘zbekiston doirasida startaplarni rivojlanishning turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator dasturlar amalga oshiriladi.  

Dastur yaqinda ishga tushirilganiga qaramay, Markaziy Osiyoda birinchi marta “Techstars Founder Catalyst” pre-akseleratoriga saralash o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi faol startaplardan qariyb 50 ta ariza kelib tushdi. Mazkur tashabbus yurtimiz startaplari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, startaplar va investorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda milliy innovatsion ekotizimni global texnologik tarmoqlarga integratsiya qilishga qaratilgan.  

Shuningdek, dastur doirasida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro rivojlanish institutlari, korporativ sektor va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Fondimiz mahalliy va xalqaro venchur investorlarni jalb qilish, startaplar va investorlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. “Techstars” esa global akselerator va startap hamjamiyatlari uchun dasturlar operatori bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab tadbirkorlar, investorlar va mentorlarni birlashtiradi.

Xulosa qilib aytganda, “Techstars” dasturlarini mamlakat bo‘ylab yo‘lga qo‘yish milliy startap ekotizimini yangi bosqichga ko‘tarish, mahalliy texnologik loyihalarni global innovatsion tarmoqlarga integratsiya qilish va yosh tadbirkorlar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Bu tashabbus nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.