Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sportchilari V Islom birdamlik o‘yinlariga tantanali kuzatildi
11:57 / 2022-08-06

Xabaringiz bor, joriy yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahri V Islom birdamlik o‘yinlariga mezbonlik qiladi.

Bugun, 6 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida V Islom birdamlik o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqaga ko‘tarinki ruhda kuzatib qo‘yildi.

IV Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 121 nafar sportchi bilan qatnashgan, bu gal 265 nafar atlet Turkiyaga yo‘l olmoqda.

Rasmiy kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, sportni rivojlantirish vaziri  Adham Ikromov, vazir o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, sportchilarning ota-onalari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Mutasaddilar sportchilariga mazkur musobaqada omad tilashdi.

Shundan so‘ng mamlakatimiz sport delegatsiyasining bayroqdori, qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori Zaynab Dayibekovaga O‘zbekiston bayrog‘i tantanali ravishda topshirildi.

Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi V Islom birdamlik o‘yinlariga kuzatib qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, kecha V Islom birdamlik o‘yinlarida musobaqa rasmiy ochilishidan oldin velosport bo‘ycha bellashuvlarga start berilgan edi. Quvonarlisi, musobaqadagi ilk medal bizni uzoq kuttirmadi. Ya’ni hamyurtimiz Sofiya Karimova V Islom birdamlik o‘yinlarida velosport bo‘yicha bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, V Islom birdamlik o‘yinlarida dunyoning 55  mamlakatidan sportchilarning ishtirok etishi kutilmoqda. O‘yinlar Turkiyaning Konya shahridagi 8 ta inshootda o‘tkaziladi.

Otabek ESHMAMATOV. O‘zA