Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sport tarixida 2 nafar olimpiya va o‘nlab jahon chempionlari qatnashgan ilk musobaqa
19:42 / 2022-03-21

Bundan bir hafta muqaddam boshlangan o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati mamlakatimiz og‘ir atletika sporti tarixida o‘ziga xos voqea bo‘ldi.

Boisi, O‘zbekiston sport tarixida hali hech bir chempionatda ikki nafar olimpiya o‘yinlari g‘olibi, 10 nafardan ziyod yoshlar va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionlari mamlakat miqyosidagi musobaqada bir vaqtda ishtirok etmagan edi.

Shu jihatdan Sportni rivojlantirish vazirligi taqvim rejasi asosida tashkil etilgan mazkur chempionat nafaqat o‘zbekistonlik og‘ir atletika mutaxassis va muxlislari, balki xorijliklar tomonidan unda qatnashayotgan tajribali sportchilarning har bir chiqishi katta qiziqish bilan kuzatib borildi.

Xabar berganimizdek, o‘zbek og‘ir atletikasining kelajagi bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda medallar jamg‘arish borasida Xorazm viloyati vakillari 4 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza medali bilan 1-o‘rin egallashdi. 2-o‘rin Andijon viloyati (7 medal) vakillariga, 3-o‘rin esa 5 ta medalga egalik qilgan Buxoro viloyati polvonlariga nasib etdi.

Joriy yilning 19 mart kuni kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari boshlanib, bugun 21 mart kuni nufuzli musobaqaning so‘nggi g‘oliblari aniqlandi.

Chempionatning oxirgi kungi musobaqalarida Rio va Tokio Olimpiadasi g‘oliblari Ruslan Nurudinov 109 kilogramm og‘irlikda, Akbar Jo‘rayev +109 kilogrammda O‘zbekiston chempionligi uchun bahslarga kirishganligi har ikki nomdor sportchimiz Parij-2024 olimpiya o‘yinlari yo‘lida munosib tayyorgarlik bosqichini boshlaganligini ko‘rsatdi.

Nurudinov va Jo‘rayev o‘z vazn toifalarida O‘zbekiston chempionligiga erishishi bilan musobaqalarda bilvosita va bevosita qatnashgan sportchilarga master-klass o‘tadi, deyish mumkin.

Bugun 21 mart kuni, shuningdek, 102 va 96 kg. vaznlarda ham mamlakatning eng kuchli og‘ir atletikachilari aniqlandi. 96 kg. og‘irlikda samarqandlik Hojiakbar Olimov 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ushbu vaznda 2021 yili qit’a chempionligiga erishgan qashqadaryolik Qurbonmurod Nomozov 102 kg.da omadini sinab ko‘rdi.

Asli samarqandlik, Qashqadaryo og‘ir atletika maktabida kamolga yetayotgan Nomozov kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida 18 yosh paytida chiqishi va yakuniy sarhisobga ko‘ra, 3-o‘rinni egallashi yurtimizda olimpiya va jahon chempionlari bo‘lgan dongdor sportchilarimiz Nurudinov va Jo‘rayevning munosib izdoshi yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi. Ushbu vaznda 1 va 2-o‘rinlar Sunnat O‘sarov va Sharofiddin Amriddinovga nasib etdi.

Navro‘z tantanalari bilan hamohanglikda o‘tgan O‘zbekiston chempionatining g‘olib va sovrindorlari munosib tarzda taqdirlandi.

Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyevning bildirishicha, musobaqalar talafotsiz va yuqori darajada o‘tkazildi. Bir qator nomdor sportchilarimizning har bir chiqishi xorijiy mutaxassislar tomonidan tasvirga olindi. Bu albatta, ularning O‘zbekiston og‘ir atletikasiga, sportchilarga katta qiziqishidan dalolat.

Ushbu chempionat orqali eng muhimi, joriy yil hamda kelgusi yillarda vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoa tarkibi shakllantirib olindi. Tajribali sportchilar o‘z imkoniyatlarini yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazishdi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA