Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida O‘zbekiston sport faxriylari kengashining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tashkiliy masala, ya’ni O‘zbekiston sport faxriylari kengashining sobiq raisi Komiljon Xudoyberganovning vafoti munosabati bilan Kengashga yangi rais saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston sport faxriylari kengashining navbatdan tashqari konferensiyasida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, o‘zbek sporti dovrug‘ini dunyoga yoyishga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan sport faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi asosiy masala – O‘zbekiston sport faxriylari kengashiga yangi rais saylash borasida sport sohasida ulkan tajribaga ega mutaxassis, uzoq yillar Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasini boshqargan Bahodir Maxsitovich Maxsitov nomzodini ilgari surdi.

Konferensiya ishtirokchilari, jumladan sport faxriylari Igor Baraban, Erkin Karimov, Bahodir Tojiyev, Shavkat To‘laganov va boshqalar O‘zbekiston sport faxriylari kengashi Komiljon Xudoyberganov rahbarlik qilgan yillarda o‘z mavqeini yuksaltirgani, faxriylar e’zoz topib, qadrlanganligini alohida e’tirof etish barobarida bo‘shab qolgan lavozimga Bahodir Maxsitov eng ma’qul nomzod ekanligini ta’kidlashdi va bir ovozdan ma’qullashdi.
O‘zA