Poytaxtimizda “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston sovg‘alari” nomli hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirish, mohir ustalarning yuksak mahoratini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 nafarga yaqin hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
[gallery-24940]
Jumladan, tadbirda adras va atlas kabi milliy matolar, zardo‘zlik, zargarlik, kulolchilik, gilamchilik, hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida tayyorlangan noyob buyumlari namoyish etildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida hunarmandlar tomonidan jonli mahorat darslari o‘tkazildi. Mehmonlar hunarmandchilik jarayonini o‘z ko‘zlari bilan kuzatish va ayrim jarayonlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.
Yarmarka milliy urf-odatlarimizning namoyoni, hunarmandlar o‘rtasida tajriba almashish va aholi bilan yaqin muloqot qilish uchun samarali platformaga aylandi. Tadbir barcha qatnashchilar va mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Gulnoza Boboyeva,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA