So‘nggi yillarda O‘zbekistonda soliq tizimini isloh qilish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish jarayonlari izchil ravishda amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda qabul qilingan qaror va dasturlar iqtisodiyotda ochiqlikni ta’minlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish hamda davlat byudjeti daromadlarini barqaror oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yil O‘zbekiston soliq tizimi uchun muhim burilish davri bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakuni bilan respublika bo‘yicha davlat byudjetiga 247,8 trln. so‘m soliq va majburiy to‘lovlar tushumi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 24 foizga yuqori bo‘lib, soliq ma’muriyatchiligida olib borilayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari va iqtisodiy faollikning oshishi bilan izohlanadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va moliya vazirligi tahlillariga ko‘ra, soliq tushumlarining barqaror o‘sishi davlat byudjeti ijrosining mustahkamlanishi, ijtimoiy va infratuzilmaviy dasturlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda soliq siyosatida asosiy e’tibor soliq yukini optimallashtirish, soliq bazasini kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratildi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda iqtisodiy faol sub’ektlar soni sezilarli darajada oshgan, bu esa soliq tushumlarining o‘sishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, soliq ma’muriyatchiligining takomillashuvi natijasida soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyat yuritishga qiziqishi oshdi. Soliq hisobotlari taqdim etish jarayoni soddalashtirildi. Byudjet tushumlarining prognozliligi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2025 yilda soliq turlari bo‘yicha tushumlar quyidagicha shakllandi. Foyda solig‘i 72,3 trln. so‘mni tashkil etgan. Ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar 2024 yilga nisbatan 37 foizga o‘sdi. Bu korxonalar foydadorligining oshishi va hisob-kitoblar shaffofligining yaxshilangani bilan bog‘liq.
QQS tushumlarining o‘sishi elektron hisob-fakturalar tizimining to‘liq joriy etilishi va aylanmalarni raqamli nazorat qilish bilan izohlanadi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 42,4 trln. so‘mni tashkil etgan. Bu mehnat bozorida rasmiy bandlik darajasining oshishi va ish haqi fondlarining o‘sganini ko‘rsatadi.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 25,8 trln. so‘m (28 foiz)ni tashkil etgan. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va hisobga olish tizimining kuchaytirilishi ushbu soliq turida yuqori o‘sishni ta’minladi.
Shuningdek, aksiz, yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha ham barqaror o‘sish qayd etildi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025 yilda soliqsiz tushumlar 19,5 trln. so‘mni tashkil etdi va bu 31 foizga o‘sishni ko‘rsatdi. Ushbu toifaga dividend to‘lovlari, bojxona yig‘imlari, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlar kiradi.
Iqtisodiy taraqqiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, soliqsiz tushumlar ulushining ortishi davlat aktivlarini boshqarish samaradorligining oshganini anglatadi.
Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, 2025 yilda soliq ma’muriyatchiligida raqamlashtirish jarayonlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Jumladan, onlayn nazorat-kassa mashinalari to‘liq joriy etildi. Elektron hisob-fakturalar tizimi orqali tovar aylanmalari nazoratga olindi. Soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirish kengaytirildi. Risk-tahlil tizimlari orqali tekshiruvlar samaradorligi oshirildi. Natijada inson omili kamayib, korrupsiya xavfi pasaydi, soliq to‘lovchilar bilan davlat o‘rtasidagi ishonch mustahkamlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2025 yilda soliq tushumlarining 247,8 trln. so‘mga yetishi O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanayotganini va davlat moliya tizimining mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi. Mutaxassislarning fikricha, soliq siyosatidagi izchillik va raqamlashtirish jarayonlari davom ettirilsa, kelgusi yillarda ham byudjet tushumlari barqaror o‘sadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA