Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Sloveniya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
19:05 / 2023-02-08

Mamlakatimizda bo‘lib turgan Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari vazirlik va idoralarda bo‘lib, qator tadbirlarda ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Sloveniya biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi.

Tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakili ishtirok etgan anjumanda mamlakatimiz delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchilik qildi.

Tadbirda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarga to‘xtalib o‘tildi. O‘zaro savdo munosabati faollashayotgani, bu borada ishbilarmon doiralar faolligi muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz, o‘tgan yil davomida savdo aylanmasi miqdori qariyb 40 foiz oshib, o‘sish sezilarli darajada ijobiy sur’at namoyon qildi. Bu ko‘p jihatdan O‘zbekistonning “GSP+” preferensiyalar tizimi benefitsiari maqomini olishi bilan bog‘liq.

[gallery-10486]

Forum davomida O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu hujjatda tashqi savdo ko‘rsatkichini oshirish uchun tomonlar tadbirkorlar uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratib berish sharti aks etgan.

Taqdimotlar, ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida kechgan muloqotlarda avtomobilsozlik bo‘yicha, butlovchi qismlar, metall buyumlar, gidravlik turbina, nasos, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishda sheriklik munosabatini o‘rnatish istiqboli ko‘rib chiqildi. Chorvachilik, bog‘dorchilik va urug‘chilikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun agrosanoat majmuasiini shakllantirish, yurtimizda Sloveniyaning “Mercator Group” yirik savdo tarmog‘i filialini ochish imkoniyati muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqasini o‘rnatish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

– Biz ishlab chiqaradigan mahsulotlar sport inshootlarini va qishloq xo‘jaligi sohasida issiqxonalarni yopishda qo‘llanadi, – deydi “DUOL Innovative structure solutions” koppaniyasi rahbari Duzan Olaj. – Markaziy Osiyo hududida turli yo‘nalishlarda 700 ga yaqin korxonamiz faoliyat yuritadi. O‘ttiz yildan buyon mamlakatingiz bilan hamkorlik qilamiz. O‘zbekiston mintaqada yirik bozorga, keng imkoniyatga ega davlat. Shuning uchun ham hududda ishlab chiqarish korxonalari ochishni rejalashtirganmiz. bugungi uchrashuvda biznes sohasi vakillari bilan fikr almashdik. Bu kelgusidagi faoliyatimiz uchun juda muhim. Barcha o‘zbek tadbirkorlari uchun eshiklarimiz ochiq, ular bilan hamkorlik qilishga doim tayyormiz.

Forum “B2B” va “G2B” muzokaralari ko‘rinishida davom etdi. Tomonlar yangi investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqish hamda amaliy hamkorlikni yangi bosqichga chiqarishga qaratilgan mustahkam savdo aloqasi o‘rnatish yuzasidan fikr almashdilar.

Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA