IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston – Slovakiya biznes-forumi o‘tkazildi. Tadbir mavjud aloqalarni chuqurlashtirish, yangi hamkorlik sohalarini o‘rganish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratadigan muhim platformadir.
Xorijiy delegatsiyaning faolligi Slovakiya tomonidan respublikamiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish yuqoriligini yana bir bor tasdiqladi. Forum esa tadbirkorlarga sheriklikni mustahkamlash uchun yanada keng imkoniyat yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov Slovakiya va O‘zbekiston munosabatlari 2024 yil sezilarli darajada jadallashganini ta’kidladi. O‘zaro savdo miqdori 72,5 million yevroga yetib, 2023 yilga nisbatan 48,7 foiz oshgan.
Hozir yurtimizda ushbu davlatning 19 kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Binobarin, bu raqam mavjud ikki tomonlama salohiyatni aks ettirmaydi. Shu nuqtai nazardan mehmonlar mamlakatimiz bozoridagi o‘rnini mustahkamlash va kengaytirishga jiddiy qiziqish bildirgani e’tiborli.
[gallery-23822]
Masalan, AZC, OFZ, “Rokosan”, “Matador” kompaniyalari avtomobilsozlik, metallurgiya, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va energetika sohalarida boy tajribaga ega. Slovakiya eksportida asosiy o‘rinni shina, avtomobil qismlari, metall buyumlar egallaydi. Hamkorlar diyorimizdan guruch, meva, kiyim-kechak import qilish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surishdi. Mazkur ijobiy o‘zgarishlar eksportni 54,8 foiz o‘stirib, importni 3,5 foiz kamaytirishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston mintaqada investitsiya, innovatsiya va taraqqiyot uchun jozibador markaz bo‘lib qolmoqda. Har ikki tomon kelajakda aloqalarni yanada chuqurlashtirib, qo‘shma loyihalar amalga oshirish orqali iqtisodiy hamkorlikda yangi ufqlar ochish uchun tayyorligini bildirdi.
Forum doirasida ko‘plab bitimlar imzolandi. B2B va G2B formatida tashkil etilgan muloqotlar davomida biznes aloqalari o‘rnatish, sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish imkoni paydo bo‘ldi. Tadbir yakunida mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo, transport, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, energetika, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va metallurgiya sohalaridagi 15 loyiha bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi.
Behruz Xudoyberdiyev, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA