O‘zbekiston va Singapur hamkorligi rivojlanib bormoqda. Shu yil Prezidentlar Shavkat Mirziyoyevning Singapurga, Halima Yaqubning mamlakatimizga tashrifi yaqin sheriklikning tasdig‘i sifatida, ayniqsa, iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat sohalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri ikki davlat munosabati joriy holati haqida o‘quvchilarga batafsilroq ma’lumot taqdim etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi metodik markaz ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sanobar Tolibovadan intervyu oldi.
– Singapur – Osiyo taraqqiyot modelida birinchi to‘lqin yangi industrial hududlari (Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Gongkong) sifatida e’tirof etiladigan guruhga kiruvchi, boshqacha aytganda “Osiyo yo‘lbarslari”, “Kichik ajdaholar” turkumidagi jahon iqtisodiy siyosati nufuzli mamlakatlaridan biridir.
Turli iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Janubi-sharqiy Osiyoda yetakchi hisoblanadigan, eng muhimi, jahon siyosiy arenasida mavqeini oshirishda davom etayotgan ushbu shahar-davlat dunyoning, deyarli, barcha mintaqalari bilan ikki va ko‘p tomonlama manfaatli hamkorlik o‘rnatgan, xalqaro tuzilmalarning faol a’zosiga aylangan.
Singapur Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil tan olgan, 1997 yil 8 aprelda davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan. O‘zbekiston elchixonasi Singapurda, nisbatan kechroq, ya’ni 2007 yildan faoliyat olib bormoqda.
Shundan buyon oliy darajadagi, parlamentlararo va turli vazirlik, idoralar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelinadi. O‘zaro munosabatni chuqurlashtirishda tashqi siyosiy faoliyat idoralari maslahatlashuvlari muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Singapur muloqoti mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi, desak mubolag‘a emas. Joriy yil yanvar oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakatga davlat tashrifini amalga oshirib, Prezident Halima Yaqub va Bosh vazir Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazdi, ishblarmon doira vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirlar doirasida ko‘plab ikki tomonlama xujjatlar, jami 5 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolandi.
O‘zbekiston yetakchisining Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomli Davlat siyosati maktabiga tashrifi ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yuksak darajaga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
Xususan, Shavkat Mirziyoyev Singapur kompaniyalarining yurtimizdagi xususiylashtirish jarayonida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va to‘qimachilik, “yashil” iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar ekanini belgilab berdi.
Umuman, O‘zbekiston bilan Singapur savdo-iqtisodiy munosabatda teng manfaatli sheriklik xususiyatiga ega. Bu har ikki davlatning barqaror rivojlanishida juda muhim.
2022 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda singapurlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 105 korxona faoliyat olib borayotgani qayd etilgan. Shulardan 61 tasi yakka tartibdagi tadbirkor, 44 tasi xorijiy korxona. Asosiy sohalar sifatida elektrotexnika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, ta’lim, savdo, avtomobilsozlik kabi yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin.
Madaniy-gumanitar hamkorlik ko‘lami ham jadal kengaymoqda. Ushbu hamkor davlat 2008 yil poytaxtimizda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Singapur menejmentni rivojlantirish instituti filialini ochdi. Ayni payt institutda jami 5159 talaba tahsil olyapti. 2021 yildan Singapurdagi TMC akademiyasi filiali sanalgan Toshkent texnologiya, menejment va kommunikatsiya instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur oliy o‘quv yurti bilan kelishuvga asosan, umumiy daromadning bir foizi BMT Orolbo‘yi hududida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama trast fondiga o‘tkazib kelinmoqda.
Maktab ta’limi sohasida O‘zbekistonning 14 ta Prezident maktabi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 300 ta maktabida “Six Clouds” kompaniyasining ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha inter faol onlayn dasturi ishga tushirilgan.
2018 yil Singapur kompaniyasi hamda o‘sha paytdagi Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida Toshkent shahrida “Modern Montessori International” maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Bugungi kunda kadrlarni tayyorlash va salohiyatini oshirish bo‘yicha ham yaqin hamkorlik mavjud.
O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi o‘xshash jihatlar din, qadriyatlar yaqinligi, mehnatkashlik, mehmondo‘stlik, sharqona mentalitet kabi umumiy xususiyatlarda namoyon. Demak, ikki va ko‘p tomonlama ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hamkorlikni mustahkamlash orqali taraqqiyot sohasida ushbu mamlakat tajribasini o‘rganish Vatanimizni barqaror rivojlantirishda o‘ziga xos, muhim omildir.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev
yozib oldi.