Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha 44 pog‘ona ko‘tarildi
09:13 / 2022-10-12

Buyuk Britaniyaning “Sable.co.uk” portali Internetning dunyo miqyosidagi tezligi bo‘yicha natijalarni taqdim etdi. Hisobotda O‘zbekiston simli Internet tezligi bo‘yicha 220 davlat orasida avvalgi ko‘rsatkichidan 44 pog‘ona yuqoriladi. Aytish joiz, ushbu tahlil yil davomida to‘plangan ma’lumot asosida tayyorlangan.

Umuman, so‘nggi ikki yilda O‘zbekiston turli reytinglarda jadal o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. 2022 yil avgust oyida e’lon qilingan “Speedtest” hisobotida mamlakatimiz simli internet (40,8 Mbit/s) va mobil internet tezligi (13,96 Mbit/s) bo‘yicha muayyan o‘sishga erishgan.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini qamrab olyapti. Taraqqiyotning muhim omili sifatida ko‘rilayotgan telekommunikatsiya sohasi mamlakatimizda jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, aholini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i va sifatli aloqa xizmati bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zbektelekom” AK tomonidan taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmati sifatini yaxshilash, bu boradagi imkoniyatni yanada kengaytirish hamda sohada qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

- Yaqinda Samarqand shahri nufuzli, ulkan siyosiy ahamiyatga ega sammitga mezbonlik qildi, - deydi “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati rahbari Temur Mamajonov. - Shu munosabat bilan “UZTELECOM” tomonidan hududda mobil va keng polosali Internetning yuqori sifatini kafolatlash uchun bor imkoniyatdan foydalanildi. Samarqand viloyati markaziga transport tarmog‘i o‘tkazish qobiliyati oshirildi. Sayyohlik markazi uchun umumiy uzunligi 69 km optik tolali aloqa tizimi qurilib, 22 ta mobil aloqa baza stansiyasi foydalanishga topshirildi, 6 ta baza stansiyasi modernizatsiya qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida 17 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi qurildi. Aloqa signali shahar bo‘ylab kengroq tarqalishi, yangi sayyohlik markaziga to‘siqsiz kirib borishi uchun zamonaviy 5G texnologiyasiga asoslangan 5 ta baza stansiyasi ishga tushirildi.

Sinov natijasida eng yuqori (1209 Mbit/s), 4G texnologiyalariga nisbatan yuqori o‘tkazuvchanlikni ta’minlaydigan, qurilmalar o‘rtasida o‘ta ishonchli, keng ko‘lamli aloqa tizimini yaratadigan, shuningdek signal uzatilishi muddatini 4G uskunasiga qaraganda sezilarli qisqartiradigan, batareya energiyasi sarfini kamaytiradigan tezlikka erishildi.

“Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida “ZTE” uskunasiga asoslangan 5G tarmog‘i o‘rnatildi. Bu yechim sayyohlik markazi hududidagi barcha mehmonxonalar, kongress-zallarida 5G aloqasini ta’minlash imkonini berdi. Tezlik 1000 Mbit/s gacha ko‘tarildi. Bu holat, o‘z navbatida, mahalliy va ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari e’tirofiga sabab bo‘ldi.

Zamonaviy telekommunikatsiya xizmati taqdim etayotgan “UZTELECOM” tomonidan yotqizilayotgan optik tolali aloqa tizimi bugungi kundagi eng so‘nggi texnologiyaga asoslangan. Erishilayotgan natijani ba’zi qiyosiy tahlillar ham isbotlaydi. Masalan, AQSHdagi yirik telekommunikatsiya kompaniyalari taklif qilayotgan tarif rejasi faqat aholining tor qatlamiga moslashtirilgan. Bunday xizmat O‘zbekiston sharoitida oddiy bir xonadonga taqdim etilsa, ancha qimmatga tushishi tabiiy. Xususan, “Starlink” kompaniyasining jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan mavjud 2 xil tarif seriyasida internet tezligi 50-250 Mbit/s bo‘lib, narxi 1 million 400 so‘mdan oshadi. Bu jarayonda foydalaniladigan, sun’iy yo‘ldosh orqali tarqatiladigan signalni qabul qiluvchi qurilma narxi 6,5 million so‘m.

“UZTELECOM” tomonidan taqdim etilayotgan “Yangi” tariflar majmuasida “Starlink” kompaniyasiga tegishli maksimal tezlikdan 3-4 barobar yuqori “Yangi” 1000” tarif rejasi mavjud. Ayni tarif shartiga ko‘ra, abonent qurilmasi foydalanuvchiga bepul taqdim etiladi, 1 oylik abonent to‘lovi kiritilgach, qurilma abonentning shaxsiy mulkiga aylanadi.

Temur Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, “UZTELECOM” an’anaviy tarzda texnologik taraqqiyotga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, o‘tgan yil davomida xalqaro axborot-kommunikatsiya tarmog‘iga ulanish tezligi 1800 Gbit/s gacha oshirilgan bo‘lsa, joriy yil ushbu ko‘rsatkich 3200 Gbit/s ga yetkazildi. 2021 yil davomida 50 ming kmdan ziyod optik tolali aloqa liniyasi yotqizildi. Natijada ushbu tizimning uzunligi 130 ming kilometrni tashkil etdi. 2022 yil oxirigacha ushbu raqam 151 ming 247 ga yetadi. Shu bilan birga, 2021 yil davomida 902 ta qo‘shimcha baza stansiyasi o‘rnatilib, umumiy miqdor 19 ming 233 taga yetkazildi.

Yana bir muhim jihat: “O‘zbektelekom” AK va Janubiy Koreya kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan, yiliga 50 ming km optik tolali aloqa simi ishlab chiqarish quvvatiga ega “Global Optical Communication Uzbekistan” qo‘shma korxonasida yiliga 120 ming dona telekommunikatsiya qurilmasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Shuningdek, “Telekom innovations” MCHJ, 50 turdan ortiq telekommunikatsiya asbobi va elektr mahsuloti ishlab chiqarilayotgan “Telecom devices pro” MCHJ faoliyatini ham alohida e’tirof etish lozim.

Ahamiyatli jihati, mazkur korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, “GPON” modemlari, “Wi-Fi”, “Mi-Fi” va “CPE” routerlari, planshet, monoblok, “IPTV set-top-box”, “USB” modemi hamda bolalar aqlli soati, “CDMA-450” va “GSM” standartidagi statsionar va mobil telefonlar, statsionar telefonlar, “GPON” tizimida ishlaydigan “ONT” terminal, splitter kabi telekommunikatsiya qurilmalari, “LED” panellari, quyosh energiyasida ishlovchi ko‘cha yoritgichlari, tok o‘tkazuvchi hamda quvvat beruvchi qurilma singari bir qator elektr mahsulotlari ishlab chiqarish ham mahalliylashtirildi.

Shuni ham alohida qayd etish lozim, SHHT Samarqand sammiti doirasida “O‘zbektelekom” AK mamlakatimizdagi mavjud infratuzilmani modernizatsiyalash va bu borada hamkorlar bilan aloqani yanada mustahkamlash bo‘yicha ijobiy natijaga erishdi.

Xususan, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi SHHT Samarqand sammiti doirasida jahonda o‘z o‘rniga ega Xitoyning telekommunikatsiya jihozlari ishlab chiqaruvchi ikki yirik – “ZTE” va “Huawei” kompaniyalari bilan hamkorlik kelishuvi imzoladi. Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari bilan respublikamizda telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 506.8 million dollarga teng 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. “Huawei” va “ZTE” korporatsiyalari hamda “O‘zbektelekom” AK o‘rtasida jami 8 ta shartnoma imzolandi.

Kelgusida ikki bosqichda respublikamizning g‘arbiy va sharqiy hududlarida telekommunikatsiya tarmog‘i va raqamlashtirish yo‘nalishlari infratuzilmasi rivojlantiriladi.

Natijada aholi uchun telekommunikatsiya xizmatidan foydalanish imkoniyati va qamrovi yanada kengaytiriladi. Ko‘rsatilayotgan xizmat sifati oshiriladi. Respublika bo‘ylab xalqaro ahamiyatga ega magistral avtomobil trassalari hamda temir yo‘llarni yuqori tezlikdagi mobil internet bilan to‘liq qamrab olish, Toshkent shahri va barcha viloyatlar markazlarida beshinchi avlod 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatish, ma’lumot uzatish va magistral transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga erishiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning AKT infratuzilmasini mustahkamlash, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘lida dadil qadamlar tashlanmoqda.

Go‘zal SATTOROVA,

O‘zA muxbiri