Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sifat infratuzilmasida tub o‘zgarishlar boshlandi
12:52 / 2026-02-19

Ma’lumki, joriy yilning 16-fevral kuni davlatimiz rahbarining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan yangilash, uni xalqaro talablar va bozor iqtisodiyoti tamoyillariga muvofiq ravishda qayta shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farmonga muvofiq, sohada ortiqcha va samarasiz ma’muriy nazorat amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilib, xavf-xatar tahliliga asoslangan zamonaviy bozor nazorati mexanizmi joriy etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng va shaffof sharoit yaratish, mahsulot va xizmatlar xavfsizligini ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Islohotlar doirasida milliy sifat infratuzilmasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Akkreditatsiya, standartlashtirish va metrologiya tizimlarida tashkiliy-huquqiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Xalqaro tarozi va o‘lchashlar byurosi bilan hamkorlikda kalibrlash imkoniyatlarini kengaytirish, yangi milliy muvofiqlik belgisini joriy etish va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Bu chora-tadbirlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaratadi.

Ushbu islohotlarning mazmun-mohiyati, kutilayotgan natijalar va sohadagi ustuvor vazifalar haqida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov bilan suhbatlashdik.

–  Mazkur farmon mamlakatimizda texnik tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, uni zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirish hamda milliy mahsulot va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan, – deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov. – Qarorga muvofiq, ortiqcha va samarasiz ma’muriy nazorat amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilib, xavf-xatar tahliliga asoslangan bozor nazorati mexanizmi joriy etiladi. Shuningdek, standartlashtirish, akkreditatsiya va metrologiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilib, milliy sifat infratuzilmasi ishtirokchilarining mustaqilligi ta’minlanadi.

Xususan, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyati Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazilib, akkreditatsiya tizimining betarafligi mustahkamlanadi. Shu bilan birga, Xalqaro tarozi va o‘lchashlar byurosi tomonidan e’tirof etilgan kalibrlash imkoniyatlarini kengaytirish, yangi milliy muvofiqlik belgisini joriy etish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.

Mazkur qaror texnik jihatdan tartibga solish sohasini shaffof, samarali va xalqaro standartlarga to‘liq uyg‘un tizimga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qarorga asosan, texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro amaliyotga moslashtirish, ortiqcha ma’muriy nazoratdan voz kechib, zamonaviy bozor nazorati tizimiga o‘tishdir. Endi mahsulotlar xavf-xatar tahlili asosida nazorat qilinadi. Bu esa tadbirkorlik muhitini yaxshilash va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

– Milliy sifat infratuzilmasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

– O‘zbekistonning xalqaro sifat infratuzilmasi indeksidagi o‘rnini kamida 20 pog‘onaga yaxshilash, Xalqaro tarozi va o‘lchashlar byurosi tomonidan e’tirof etilgan kalibrlash imkoniyatlarini 2,5 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushi 80 foizga yetkaziladi.

Farmonga asosan yuqorida ham aytganimdek, endi O‘zbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bu akkreditatsiya tizimining mustaqilligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati tugatilib, funksiyalari qayta taqsimlanadi. O‘zbekiston standartlar instituti esa asosiy standartlashtirish instituti sifatida qayta tashkil etiladi.

– “Conformity Uzbekistan” belgisi haqida ham to‘xtalsangiz.

– 2027-yil 1-yanvardan texnik reglamentlar ob’ekti bo‘lgan mahsulotlar uchun yangi milliy muvofiqlik belgisi – “Conformity Uzbekistan” joriy etiladi. Muvofiqlikni baholash xavf-xatarga asoslangan yondashuv asosida amalga oshiriladi. Ayrim mahsulotlar esa majburiy sertifikatlash ro‘yxatidan chiqariladi. Bu tadbirkorlar uchun yengillik yaratadi.

2026-yil 1-apreldan akkreditatsiya xizmatlari bo‘yicha ajratmalar 2 foizga tushiriladi. Xususiy sektor faol ishtirok etayotgan sohalarda davlat laboratoriyalari tashkil etilishi cheklanadi. Shuningdek, eksport bozorlarida talab etiladigan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholashga ruxsat beriladi.

– Xalqaro standartlarga o‘tish jarayoni qanday kechadi?

– 2026-2028-yillar davomida tarmoqlar bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga o‘tadi. Masalan, 2026-yildan to‘qimachilik, elektrotexnika va avtomobilsozlik; 2027-yildan neft-gaz va metallurgiya; 2028-yildan energetika va kimyo tarmoqlari to‘liq xalqaro standartlar asosida ishlaydi.

Shuningdek, 2027-yildan o‘lchash vositalarini qiyoslash amaliyoti o‘rniga verifikatsiya tizimi joriy etiladi. Sanoatda mahsulot sifatiga ta’sir etuvchi o‘lchash vositalari majburiy kalibrlashdan o‘tkaziladi. Xalqaro tarozi va o‘lchashlar byurosi bazasida e’tirof etilgan kalibrlash yo‘nalishlari bo‘yicha laboratoriyalar akkreditatsiyadan ozod qilinadi.

– Kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratiladimi?

– Davlat organlari va yirik korxonalarda sifat menejerlari instituti joriy etiladi. Ularning faoliyati “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasi orqali muvofiqlashtiriladi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali soha uchun ustuvor ravishda stipendiyalar ajratiladi.

Bu qaror texnik jihatdan tartibga solish sohasini zamonaviy, shaffof va xalqaro standartlarga mos tizimga aylantiradi. Natijada milliy mahsulotlar raqobatbardoshligi oshadi, eksport salohiyati kengayadi va iste’molchilar xavfsizligi kafolatlanadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA