Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – SHHT: muhim tashabbuslar maydoni
15:50 / 2022-09-12

bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanib, unga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘i, degani. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etib, bu – dunyo aholisining qariyb yarmidir.

Tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi qariyb 20 trillion AQSH dollarini tashkil etib, bu tashkilot tuzilgan paytdagidan 13 barobarga ko‘pdir. Asosiysi, bugungi kunda SHHT a’zolarining umumiy yalpi ichki mahsuloti umumjahon ko‘rsatkichlarining qariyb ¼ qismiga yetdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotida SHHTning o‘rni va salohiyati juda katta bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlar teng huquqqa ega hamda o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik poydevori ustiga qurilgan bo‘lib, undan a’zo davlatlarning har biri manfaatdordir.

Tashkilot hozirda nafaqat xavfsizlik, balki ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya, sarmoya va gumanitar masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bular tashkilotning ochiqligi, barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikka tayyor ekanidan dalolat beradi.

E’tiborlisi, Shanxay hamkorlik tashkiloti nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida tobora munosib o‘rin egallab, mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishning ta’sirchan omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Agar SHHTni boshqa mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilotlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, u naqadar katta kuch va salohiyatga ega ekanini ko‘ramiz. SHHTga a’zo davlatlarning ikkitasi, ya’ni Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi.

2021-2022 yillarda tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tishi keyingi 6 yilda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan jadal va ochiq tashqi siyosatimiz mahsuli, mantiqiy davomi bo‘ldi, desak ayni haqiqat. Boisi, o‘z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan SHHT uchun katta istiqbolga ega bu yo‘nalishlar O‘zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topdi. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar SHHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotir.

Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri esa SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Chunki davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilyapti. Shuningdek, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari a’zoligini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi, SHHT va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bugun matbuotda chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasini diqqat bilan o‘qib, hamkorlik aloqalari yanada kengayishiga amin bo‘ldim. Ushbu keng qamrovli maqolada Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar bergani qayd etilgan.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik pandemiya tanaffusidan so‘ng SHHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur. Bu borada Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.

Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishi shubhasiz. Sababi ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Sammitni Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida ham ramziy ma’no bor. Zero, Prezidentimiz aytganidek, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.

Umuman olganda, o‘tgan davr mobaynida SHHT maslahat mexanizmi formatidan keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha bo‘lgan darajaga yuksaldi. Shu nuqtai nazardan, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz, deb baralla ayta olamiz.

 

Botirbek TO‘RAZODA, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA