Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston shaxmat tarixini yangi zarvaraq bilan bezatgan grossmeysterlarimiz tantanali kutib olindi
11:05 / 2026-02-03

Bugun, 3 fevral erta tongda Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tkazilgan “Tata Steel Chess-2026” turnirida O‘zbekiston shaxmat tarixini yangi zarvaraq bilan bezatgan grossmeysterlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Marosimda ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari K.Sindorov, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, o‘n yetti kunlik shiddatli bahslar natijasida “Masters” guruhida 9 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov 88-bor tashkil etilgan dunyodagi eng nufuzli turnirning g‘olibligiga erishishi, jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov 13 ta turda 8,5 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritishi mamlakatimiz yoshlarining tafakkuri nechog‘li keng ekanini ko‘rsatish bilan birga, Boris Spasskiy, Mixail Tal, Lyubomir Lyuboyevich, Jon Nann, Anatoliy Karpov, Vishvanatan Anand, Vladimir Kramnik, Garri Kasparov, Magnus Karlsen singari o‘nlab jahon shaxmatining gigantlari qatoriga O‘zbekiston nomini abadulabadga muhrladi.

Aytish lozim, 1938 yildan beri klassik yo‘nalishda tashkil etib kelinayotgan ushbu musobaqada o‘z vaqtida jahon shaxmatida katta nomga ega bo‘lgan yuzlab kuchlilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan. Endi ular qatoridan mamlakatimizning yosh va iste’dodli grossmeysterlari joy olgani muvaffaqiyat yo‘li bardavom ekanining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Veyk-an-Zeyeda kechgan bahslarda Javohir Sindorovning bironta ham o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagani joriy yil o‘tkaziladigan Da’vogarlar turniriga tayyorgarlik ishlari samarali olib borayotganini ko‘rsatdi.

– Muvaffaqiyatga erishganimizdan juda xursandman. Bu g‘alabalarimiz zamirida davlatimiz tomonidan biz shaxmatchilarga yaratib berilgan sharoitlar mujassam, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Oldimizda bir qator nufuzli musobaqalar bor. Eng avvalo, yurtimizda o‘tadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib natijaga erishish, – deydi N.Abdusattorov.

– Niderlandiyada o‘tgan yilning eng nufuzli turnirida do‘stim Nodirbekning 1-o‘rinni egallashi tarixiy g‘alabamiz bo‘ldi. U bunga har jihatdan loyiq edi. “Tata Steel Chess”dek yirik turnirda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallashimiz ortida O‘zbekistonda biz shaxmatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, doimiy g‘amxo‘rlik mujassam ekanini ta’kidlashim lozim,  – deydi J.Sindorov.

[gallery-27444]

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mas’ullarining ma’lum qilishicha, bugun, 3 fevral kuni Toshkentga yetib kelgan shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov Germaniyada o‘tadigan “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun yo‘l oladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionati 14-15 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Chempionatda hamyurtlarimiz qatorida Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Arjun Erigaysi, Xans Nimann g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

To‘lqin Ro‘ziyev,  

Alimurod Madaminov (foto), O‘zA