«Osiyo bolalari» o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida musiqa sadolari ostida, teatrlashtirilgan bayramona dastur asosida tantanali kutib olindi. G‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga, ularning murabbiylariga gullar taqdim etildi. Ezgu tilaklari bildirildi.
Xabar berganimizdek, mamlakatimizning 174 nafar sportchisi Vladivostokda 13 kun mobaynida o‘tgan VII «Osiyo bolalari» o‘yinlari musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi va haqli ravishda 20 tadan oshiq jamoalar orasida umum jamoada 2-o‘rinni egalladi.

Sportchilarimiz musobaqalarda o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 18 ta sport turida qatnashdi. Murosasiz bahslarda vakillarimiz 41 ta oltin, 28 ta kumush va 45 ta bronza, jami 114 ta medallarga ega chiqishdi.
Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan iqtidorli sportchilarimizni kutib olish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri maslahatchisi Avazjon Karimov, vazir o‘rinbosari Murod Ismoilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saken Polatov, sportchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA