Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston seysmik xavfni boshqarishda ilmiy salohiyatini namoyon etmoqda
16:31 / 2025-06-10

Bugun, 10 iyun kuni Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida TASESO 2025 — pyespublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik anjuman o‘z ishini boshladi.

FA Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Muhandislik seysmologiyasi va seysmik xavfni baholashning dolzarb muammolari” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur anjuman mamlakatimizda muhandislik seysmologiyasi, seysmik xavfni baholash, zilzila risklarini kamaytirish, geodinamik monitoring sohalaridagi eng dolzarb ilmiy va amaliy muammolarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish hamda sohadagi mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Shunga ko‘ra, anjuman davomida O‘zbekistondagi seysmik xavfli hududlarda joylashgan aholi punktlari va inshootlar xavfsizligini ta’minlash, sohaga oid ilmiy yondashuvlarni takomillashtirish, amaliy yechimlar ishlab chiqish va mamlakatimizdagi zilzilabardosh qurilish siyosatiga zamonaviy texnologiyalar va ilmiy asoslarni tatbiq etish kabi masalalar ko‘tarilmoqda.

Xususan, muhandislik seysmologiyasining nazariy va amaliy asoslari, faol yer yoriqlarini aniqlash va seysmogeologik pasportlash ishlari, GNSS texnologiyalari asosida yer qobig‘i harakatlarini monitoring qilish, zilzila vaqtida dispers gruntlarning suyuqlanishi va uning oqibatlari hamda sun’iy akselerogrammalar bankini yaratish va ularni amaliyotda qo‘llash kabi masalalar anjumanning asosiy yo‘nalishlari sifatida muhokama qilinmoqda. 

Shuningdek, mashinali o‘qitish (machine learning) algoritmlari yordamida zilzila risklarini modellashtirish, zamonaviy seysmik xavf kartalarini tuzish va tahlil qilish kabi masalalar ham anjuman doirasida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. 

Muhokamada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va respublikamizda yetakchi bo‘lgan boshqa bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy ta’lim tashkilotlarining vakillari ishtirok etishmoqda. 

Ishtirokchilar o‘z ilmiy tadqiqotlari natijalarini taqdim etib, seysmik xavfni baholash va zilzilabardosh qurilish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni muhokama qilmoqdalar. 

Shu bilan birgalikda, yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan seksiyalar, ilmiy muhokamalar va taqdimotlar tashkil etilmoqda. 

Ertaga, 11 iyun kuni anjuman rasman yakunlanadi.

M.Eshmirzayeva, O‘zA