English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni hamkorligi: tarixiy ildizlar, zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi
08:01 / 2026-02-20

20-fevral – O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun sifatida tarixga muhrlangan. Bu sana ikki birodar xalq o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlikning yangi bosqichi boshlangan muhim nuqta hisoblanadi.

Umuman, mazkur munosabatlar nafaqat siyosiy va iqtisodiy manfaat, balki asrlar sinovidan o‘tgan mushtarak tarix, muqaddas islom dini va umumiy ma’naviy qadriyatlarga tayanadi. Tarixan Buyuk Ipak yo‘li orqali bog‘langan aloqalar ilm-fan, madaniyat va ma’rifat almashinuvida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan. Buning yorqin timsollaridan biri butun islom olami faxri Imom Buxoriy hazratlaridir. Ul zot ilm talabi, hadis ilmi targ‘iboti yo‘lida Makka va Madina shaharlarida ko‘p yil yashab, faoliyat yuritgan. Ayni holat ikki yurt o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikning chuqur ildizlaridan dalolat.

Muqaddas shaharlarda ajdodlarimiz tomonidan barpo etilgan, “Buxoriylar” nomi bilan mashhur mahallalar, tarixiy rabotlar ham rishtalar naqadar qadimiy va mustahkamligini tasdiqlaydi. Diniy sohadagi hamkorlik ham munosabatlarimizning asosiy ustunlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda davlat rahbarlari sa’y-harakatlari natijasida yurtdoshlarimiz uchun Haj va Umra ziyoratini ado etish uchun misli ko‘rilmagan keng imkoniyatlar yaratildi.

Ziyoratchilar uchun tashkiliy jarayon takomillashtirildi, o‘rinlar soni sezilarli darajada oshirildi, zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi. Bugan nafaqat fuqarolarimiz muqaddas farzni ado etishi uchun sharoit yaratilmoqda, balki ikki xalq o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy muloqot ham mustahkamlamoqda.

Siyosiy muloqot yuksak darajaga ko‘tarilgan. O‘zaro rasmiy tashriflar, oliy darajadagi uchrashuvlar va xalqaro maydondagi munosabat ishonchli, barqaror tus oldi. Xususan, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi sheriklik umumiy manfaatni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Iqtisodiy yo‘nalishda ham hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Saudiya respublikamiz iqtisodiyotiga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlatlardan biriga aylangan. Ayniqsa, “Yashil energiya” va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalar alohida e’tiborga loyiq. Dunyoga mashhur“ACWA Power” energetika kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar mamlakatimizda shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etish, energiya samaradorligini oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu jarayon “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi hamda “Saudi Vision-2030” dasturi o‘zaro uyg‘unligi asosida izchil davom etmoqda.

Madaniy-gumanitar sohada ham aloqalar ko‘lami tobora kengaymoqda. Qo‘lyozmalarni tadqiq etish, islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, ilmiy anjuman va ko‘rgazmalar tashkil etish orqali ikki xalq ma’naviy jihatdan yanada yaqinlashmoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, talabalar va olimlar almashinuvi esa ziyoli kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Xulosa shuki, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki davlat manfaatiga, balki butun islom olamida tinchlik, barqarorlik va ma’rifatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Asrlar davomida shakllangan ma’naviy rishtalar bugungi strategik sheriklikni yanada mustahkamlab, yangi mazmun va sifat bilan boyitmoqda.

Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA