English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sanoatining 6 ta yo‘nalishi Turkiya tajribasi asosida rivojlantiriladi
17:25 / 2025-09-29

Yaqinda Toshkentda izolyatsiya va dekoratsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda soha mutaxassislari, ikki tomon ekspertlari ishtirok etdi. 

Unda Turkiyaning ushbu yo‘nalishdagi yetakchi ekspertlari o‘z tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Qayd etilganidek, ushbu seminar nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning salohiyatini oshirish va ularning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. 

Mazkur tashabbus 2024 yil iyun oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashining uchinchi yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi. Xususan, tomonlar O‘zbekiston sanoatining 6 ta yo‘nalishini Turkiyaning ilg‘or tajribasi asosida rivojlantirish va dastlabki bosqichda mahalliy mutaxassislarning malakasini turk standartlari asosida oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Seminar davomida mahalliy mutaxassislar ishlab chiqarish jarayonlarining zamonaviy usullari, sohaning dolzarb yo‘nalishlari bilan tanishdi hamda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. 

Tadbir doirasida ishtirokchilar izolyatsiya va dekoratsiya mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalarga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Seminar yakunida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda TIKA tomonidan treninglarda faol qatnashgan mutaxassislarga maxsus sertifikatlar topshirildi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA