Mamlakatimizda barcha sohalarda kuzatilayotgani kabi ilmiy izlanish borasida ham ijobiy o‘sishga erishilmoqda.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ilmiy-konstruktorlik loyihalari doirasida namunaviy o‘lchash vositalarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Harakatlar o‘z samarasini berib, institut olimlari tomonidan sanoat uchun muhim bo‘lgan 17 turdagi o‘lchash va sinash uskunalari ishlab chiqildi.
Mazkur uskunalarni energetika, neft-gaz, metallurgiya, qurilish, temir yo‘l transporti, kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘llash mumkin.
Ushbu qurilmalar elektr, bosim, harorat, sarf, hajm, sath va uzunlik kabi muhim ko‘rsatkichlarni yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini beradi. Qayd etilishicha, Barcha o‘lchovlar milliy etalonlarga bog‘langan qayta tiklanuvchan va xalqaro standartlarga muvofiq.
Davlat reyestriga kiritilgan, sifati xorijiy analoglardan qolishmaydigan, narxi arzon va iqtisodiy samarali bo‘lgan uskunalarni 2026-yildan boshlab korxona va tashkilotlarga keng joriy etish taklif etilmoqda.
Ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan maqsad import xarajatlarini kamaytirish, milliy ishlab chiqarishni rivojlantirishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish orqali texnologik mustaqillik va eksport salohiyatini yanada oshirish mumkin. Mazkur yangilik ham shu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lsa, ne ajab.
Sherbek Islomov, O‘zA